1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi jamoatchilikni xavotirga solayotgan ma’lumotlarni ochiqlashga chaqirdi. Bu haqda komissiyaning juma kungi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan axborotda qayd etilgan. U komissiya raisi — ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Nukus voqealari yuzasidan sudda ishtirok etgan komissiya a’zolarining fikrlari tinglandi. Ta’kidlanishicha, sud jarayonlarining ochiq shaklda o‘tkazilayotgani, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tahlil qilindi va ularning komissiya a’zolariga bildirgan fikrlari bilan solishtirildi.

Avvalroq, Nukusdagi voqealarga aloqadorlikda gumon qilinib 516 kishi qo‘lga olingani, voqealar natijasida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgani va 250 ga yaqin kishi yaralangani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda Buxoroda davom etayotgan sud jarayonida ayblanuvchilar 22 kishini tashkil qilmoqda. O‘lganlar va jarohat olganlarning ismlari ro‘yxati hozirgacha oshkor qilinmadi.

Mustaqil komissiya a’zolari keng aholi vakillarini xavotirga solayotgan holatlar o‘rganib chiqdi va ularga oydinlik kiritilishini so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

«Murojaatda ommaviy tartibsizliklarni sodir bo‘lishida aybdor sifatida hibsga olingan 516 nafar fuqaro, hozirda ishi sudda ko‘rib chiqilayotgan 22 nafar ayblanuvchi, yopiq muassasalarda vaqtincha ushlab turilgan boshqa shaxslar, ma’muriy javobgarlikka tortilganlar, shuningdek, tartibsizliklar vaqtida huquqni himoya qiluvchi idoralar tomonidan ortiqcha kuch-vosita ishlatilganligi hamda inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan axborot berish so‘raldi», — deyiladi xabarda.

«Sud-tergov jarayonlari ishtirokchilariga oid yakuniy statistik va tahliliy ma’lumotlar ochiqlanishi bilan, bu xaqda Mustaqil komissiya tomonidan jamoatchilik xabardor etiladi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.