Toshkentda Uchtepa tumani 5-Foziltepa saylov okrugidan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati daraxtlarni kesishga ruxsat beruvchi hujjatga muhr bosmagani uchun Yunusobod tumani Tiklanish MFY raisining xonasida so‘kingani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Unga ko‘ra, deputat, XDP a’zosi Ulug‘bek Hamidov Tiklanish mahallasi Xolis 1a-ko‘chada bir fuqaroning uyini sotib olib, uchastka qurishni boshlagan. (Uning o‘zi 150 m naridagi 80-xonadonda yashaydi). Uy oldida 2 ta katta daraxt borligi sabab, qurilish obyektiga katta mashina kirib-chiqa olmayotgani, uni kesib qurilish materiali uchun mebel yasash uchun ruhsat berishini so‘rab ariza yozib, mahalla raisi oldiga borgan. Uni kutib olgan hokim yordamchisi hokim yo‘qligini aytib, telefon orqali hokim bilan bog‘langan. Aloqa vaqtida mahalla raisi arizaga muhrni u bosmasligi, buning uchun «Yagona darcha» markaziga borishi kerakligini aytgan va telefonni o‘chirgan. Deputat esa bundan ranjib, xonadan haqorat so‘zlarini aytib chiqib ketgan.

«Gazeta.uz» bilan suhbatda bo‘lgan Yunusobod tumani Tiklanish MFY raisi Toxir Sabirov daraxt kesishga ruhsat berish, dalolatnoma tuzish uning vakolatiga kirmasligi, videodagi aytilgan haqoratli so‘zlar bo‘yicha deputat ustidan ariza berganini ma’lum qildi.

«Bu yerda kelib u „Men deputatman“ deb murojaat qilmadi, daraxt kesish bo‘yixha murojaat qildi. Uning deputat ekanligini men mahalla noziri chaqirganda bildim. U „Mendan tushuntirish xati ololmaysan, men deputatman“ degan. Tartibga ko‘ra, daraxt kesishga ruhsat berish, dalolatnoma tuzish bizning vakolatimizga kirmaydi. Faqat „Yagona darcha“ markazi orqali Ekologiya qo‘mitasiga chiqiladi. Kesishga faqat „Ekologiya“ boshqarmasi ruhsat beradi», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, u videoda aytilgan haqoratli so‘zlar bo‘yicha shikoyati ham borligini ma’lum qildi.

«So‘kingani uchun men uning ustidan ariza berdim. Mahalla noziri mendan ham, undan ham tushuntirish xati oldi. Men faqat deputatga nisbatan chora ko‘rishlarini so‘rayman, bo‘ldi boshqa hech narsa emas. U mening go‘rda yotgan onamni so‘kdi», — dedi mahalla raisi.

Bunga nisbatan deputat, XDP a’zosi Ulug‘bek Hamidov u mahalla oqsoqolini so‘kmaganini ta’kidladi. Aytishicha, u rais bilan «normalno» gaplashgan, vaziyat o‘zgarmagani sabab uy qurilishi kechikayotgani uchun o‘ziga-o‘zi noligan.

«Men mahalla oqsoqolini so‘kmaganman. U bilan „normalno“ gaplashganman. „Bu narsani men qilib bermayman, mumkin emas“, degandan so‘ng 5 marta shu yerga ovoragarchilik bilan chiqqanim, qurilish ishlarim to‘xtab qolganiga, byurokratizm ekan degan ma’noda o‘zimga-o‘zim bekorga ovora bo‘libman deb siqilib ketib, [gapirdim]. Mana shu holatda ular buni o‘zlariga PR qilib olib chiqishyapti, xolos. Agar oqsoqol bilan o‘zim telefonda gaplashganimda, uni so‘kkan bo‘lishim mukin edi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, bu yerda deputatning avvaldan oqsoqol bilan eski imzosi bo‘lgan. «Bo‘lar-bo‘lmasga oldindan tuhmat qilib kelganlar. Shuning uchun mana shu mavzuni aylantiryaptilar, deb o‘ylayman. Ko‘p marta uning oldiga bordim, mahalla raisi „hali kel, erta kel“, deb javob berdi. Oxirgi marta o‘zim chiqqanimda, u vaqtda hokim yordamchisi menga oqosoqolni ulab berdi. Keyin u video o‘rtasidagi holatni „keltirib bera olmadi“. Undan so‘ng bo‘lar-bo‘lmas tuhmatlar qildi, bu bo‘yicha ariza ham berildi», — deya ta’kidladi deputat.

Ta’kidlanishicha, hozirda holatga huquqiy baho berilishi uchun IIO tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.