O‘zbekiston Fransiyadan jami 815,3 million yevroga 17 ta samolyot va 2 ta vertolyot sotib oladi. Kelishuvlar O‘zbekiston delegatsiyasining Parijga rasmiy tashrifi doirasida imzolandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Xususan, Airbus`dan 694,3 million yevroga 8 ta A320neo samolyoti va 4 ta A321neo samolyoti xarid qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, kelishuv 21 million yevroga ikkita Airbus H145 vertolyotini sotib olishni nazarda tutadi.

Ilhom Mahkamov va Jak Garrig. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

22 noyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Jak Garrig Airbus va Uzbekistan Airways o‘rtasida shartnoma almashdi.

Bundan tashqari, 100 million yevroga 5 dona ATR 72−600 rusumli samolyot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu kelishuv prezidentning 26 oktabrdagi qarori bilan Silk Avia kompaniyasi uchun tasdiqlangan. Hujjatda 2022 yilda fransuz-italiyan ishlab chiqaruvchisining 3 ta ATR 72−600 samolyotini xarid qilish va 2024 yil oxirigacha yana 9 ta ATR samolyotini import qilish (lizing asosida sotib olish) ko‘zda tutilgan.

Airbus, shuningdek, O‘zbekistonda o‘z vertolyotlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha servis markazini tashkil etishi mumkin. Loyihaning qiymati 14,1 million yevroga baholanmoqda.

May oyida «Gazeta.uz» Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotlar parkini birlashtirish doirasida bir nechta Boeing avialaynerlarini lizing beruvchiga qaytarib, Airbus samolyotlarini qabul qilib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. 1999−2013 yillarda ishlab chiqarilgan 17 ta samolyot esa sotuvga qo‘yilgandi.