Navoiy viloyat Soliq boshqarmasining ikki xodimi 9000 dollar olayotgan paytda qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Navoiy viloyat Davlat soliq idorasi xodimlari Z.A va B.Sh. MCHJga qarashli kafeda o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi natijasini tadbirkor foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan. 18 noyabr kuni Navoiy shahrida kimyoviy ishlov berilgan 9000 dollarni jamiyat rahbaridan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Z.A va B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari davomida xodimlarga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.