rezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Bartin viloyatidagi ko‘mir konida yuz bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga ta’ziya yo‘lladi.

Davlat rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olgan konchilar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Juma kuni kechqurun Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Bartin viloyati Amasra tumanidagi Turkish Hard Coal Enterprises shaxtasida portlash sodir bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan paytda konda 110 ga yaqin odam bo‘lgan. Ulardan 58 nafari tirik qolgan, dedi Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu shanba kuni ertalab. Anadolu agentligining xabar berishicha, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 41 kishiga yetgan.

«Biz 11 qurbonga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Ulardan olti nafari Istanbulda, besh nafari Bartinda davolanmoqda», — deb yozdi Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja ijtimoiy tarmoqda.

Foto: Anadolu.

BBC xabariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri portlash taxminan 300 metr chuqurlikda sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu ko‘rsatkichdan pastroqda 49 kishi ishlar olardi. Portlash sabablari hozircha aniqlanmagan, mahalliy prokuratura tergov boshlagan. Turkiya energetika vaziri Fotih Do‘nmezning so‘zlariga ko‘ra, bu to‘plangan metan-havo aralashmasining portlashi bo‘lishi mumkinligini bir qancha omillar ko‘rsatmoqda.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an shanba kuni rejalashtirilgan tadbirlarni bekor qilib, fojia sodir bo‘lgan joyga uchib ketdi. U Turkiya konlarida avariyalarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar tayyorlanishini ma’lum qildi