Toshkentdagi kasalxonada uch erkak va bir ayol spirtli ichimlikdan zaharlanib vafot etdi. Bir kishi komada qolmoqda. Bu haqda Daryo xabar berdi, ma’lumotni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ham tasdiqladi.

Daryo ma’lumotlariga ko‘ra, 8 oktabr kuni poytaxt tumanlarining birida yashovchi 36 yoshli erkak sog‘lig‘idan shikoyat qilib, shifoxonaga yotqizilgan. U spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Bundan tashqari, 9 oktabr kuni aynan shu tumanda yashovchi ikki nafar erkak va bir ayol ham spirtli ichimlikdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan. 44 va 65 yoshli erkak, shuningdek, 56 yoshli ayol spirtli ichimlik iste’mol qilib, sog‘ligi yomonlashgani sabab shifoxonaga olib kelingan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan vafot etgan.

Shifoxonaga kecha, 9 oktabr kuni zaharlanishi sabab olib kelingan 33 yoshli erkak ayni paytda komada qolmoqda.

Bu bo‘yicha Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.