Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida ishtirok etmoqda, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari nutqi avvalida iqtisodiyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan, ko‘pmillatli Toshkent viloyati ahliga chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi. Viloyat o‘zining tabiiy va qazilma boyliklari, sanoat va transport-logistika salohiyati, barqaror energiya ta’minoti, malakali mehnat resurslari bilan ajralib turishi ta’kidlandi.

Sessiyada Toshkent viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Prezident 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Mirzayev Zoyir Toirovich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Nomzod bo‘yicha muhokamalarni boshlashdan avval so‘zni nomzodga berib, uning 10 oy davomida viloyatda to‘plagan tajribasi va xulosalari asosida kelgusida hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini eshitish taklif qilindi.

«Men Samarqand viloyatiga hokim bo‘lib borganimda Mirzayev moliyaning rahbari edi. O‘sha vaqtda birga ishlab, anchagina yaxshi kadr ekanini bilganman. O‘zim tarbiyalagan kadrlar ichida Zoyir Mirzayev ham bor. Rahbarlikka kelgan birinchi kunlarimdayoq uni bosh vazir o‘rinbosari qildim, keyin Qashqadaryoga jo‘natdim. Mana endi Toshkent viloyatiga tasdiqlaymiz», — dedi Shavkat Miziyoyev.

Shundan so‘ng, Toshkent viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, Zoyir Mirzayev 1968 yilda Samarqand viloyati, Jomboy tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Hokim sifatidagi ish faoliyatini 2003 yil Jomboy tumanidan boshlagan. 2008−2010 yillarda Samarqand shahar hokimi, 2010−2016 yillarda esa Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan.

2018 yilning noyabr oyida bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Zoyir Mirzayev Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi bo‘lgandi.

U 2019 yilning oktabr oyida Qashqadaryo viloyat hokimi lavozimiga tayinlangandi.