Prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 (hozir — 10) baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.

Shuningdek, otasidan ham, onasidan ham judo bo‘lgan (chin yetim) bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oshirish ota va ona ish haqlarining umumiy miqdoridan kelib chiqib, pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 (hozir — 10) barobari miqdori doirasida amalga oshiriladi.

Ushbu qonun Senatda ko‘rib chiqilayotgan vaqtda 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so‘mgacha oshishi ma’lum qilingandi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yo‘qotgan shaxslar.

Qonunga muvofiq ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘lar talab etiladi.