Senatning o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosarini saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Unda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 9 va 15 moddalariga hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 4 moddasiga muvofiq Murat Kallibekovich Kamalov Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Amanbay Tleubayevich Orinbayev esa elektron yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat raisining o‘rinbosari etib saylandi. Bu borada Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentabr kuni Nukusda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlisi Amanbay Orinbayev Senat a’zoligiga, undan avval esa Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga saylangandi. Bungacha u Qoraqalpog‘iston IIV rahbari lavozimida 5 oydan kamroq muddat — mart boshidan iyul oxiriga qadar ishladi.

Iyul oyi boshida respublikada yuz bergan namoyishlardan so‘ng u o‘z lavozimidan ozod qilingandi va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Avgust oyi boshlarida u o‘z nomzodini Jo‘qorg‘i Kengesning bo‘shab qolgan o‘rinlariga qo‘ydi va 21 avgust kuni deputat sifatida saylangandi.