9 sentabr kuni poytaxt hokimligida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, sektor rahbarlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda poytaxtdagi OTM rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu xaqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

So‘zga chiqqan rektorlar yotoqxonalarda mavjud o‘rin joy, ularda talabalarning joylashtirilganlik holati hamda yana qancha joyga ehtiyoj borligi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 o‘rinni tashkil etmoqda. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirilgan.

Bundan tashqari, 2022 yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30956 o‘rinli 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda.


Yig‘ilishda vazirlik mas’ullari tomonidan ko‘rilayotgan bu kabi choralar yetarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligi ta’kidlanib, qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shundan so‘ng, Ortiqxo‘jayev poytaxtning Yangihayot tumanida bunyod etilgan Tashkent Index savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi.

Yig‘ilish so‘ngida oliy ta’lim muassasalari mas]ullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish vazifasi berildi.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz varianti ustida ish olib borilayotganini aytgandi. Unga ko‘ra, ijara subsidiyasini kimlarga berishni talabalar guruhda o‘zi hal qiladi. Ilmiy kengash tasdiqlagach, subsidiya talabalarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.