Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh va qo‘mita jamoatchilik kengashi a’zolari poytaxtning Uchtepa tumanida o‘rab olingan hududda bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Jamoatchilik vakillari ham qatnashgan o‘rganishlar davomida Uchtepa tumanining Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari kesishmasida joylashgan ushbu hududni «Goroda stroy» MCHJ o‘rab olgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur MCHJ tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari agentligi orqali yo‘llangan murojaatga asosan, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi inspektorlari ushbu hududda o‘rganish ishlarini olib borgan va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishgan.

O‘rganishlar natijasida 2021 yil 11 oktabrda dalolatnoma rasmiylashtirilgan, shuningdek, «Goroda stroy» MCHJga daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha rad javobi hamda daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda ushbu hududdagi daraxtlar holati bo‘yicha navbatdagi xatlov o‘tkazilganda 42 tup, shundan 9 tup chinor, 2 tup archa mavjud emasligi, chinor, shumtol, safora, archa kabi 27 tup daraxtlari ko‘chirib o‘tqazish, 4 tup terak esa muhofaza qilish choralari ko‘rilmagani sababli qurib qolgani aniqlangan. Buning oqibatida esa o‘simlik dunyosiga jami 425,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Ushbu holat yuzasidan MCHJ mas’ullari tushuntirish berishdan bosh tortishgan.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, joriy yilning 6 sentabr kuni Toshkent shahar prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun taqdim qilgan.


«Bugungi o‘rganishlar davomida jamoatchilik talabi bilan hududni o‘rab olgan to‘siqlar olinib, daraxtlar qayta xatlovdan o‘tkazildi. Shuningdek, obodonlashtirish xodimlari jalb etilgan holda tozalik ishlari olib borildi. Ayni paytda hududda o‘rganish ishlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan quruvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Chilonzor tumanida 58 tup daraxtni kesib tashlab, tabiatga qariyb 800 mln so‘mlik zarar yetkazgani uchun Dream House Stroy kompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar bergan edik.

Avgust boshida Chilonzor ko‘chasini kengaytirish bahonasida 101 tup daraxtga shikast yetkazilgandi. Ushbu mojaro xabari davlat rahbarigacha yetib borgandi. Prezident topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov ishdan bo‘shatilgandi. Qolaversa, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.