O‘zbek tilidagi yangi maktab darsliklarini tuzuvchi Komil Jalilov, Zulxumor Mirzayeva, Sa’dullo Quronov, Shokir Tursunov, Mansur Siddiqov va boshqalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat qilishdi.

Murojaatda 2016 yilda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ochilishida prezident Shavkat Mirziyoyev mualliflarni yig‘ib, zamonaviy, jahon tendensiyalariga mos darsliklarni tayyorlash metodikasini yangilash bo‘yicha topshiriq bergani aytildi.

«Bizning jamoa ushbu vazifani bajarish uchun kechayu kunduz ishladik va yangi zamonaviy, XXI asr talablariga javob beradigan hamda o‘quvchini mustaqil fikrlashga, muammolarni yechishga, qaror qabul qilishga, kreativ bo‘lishga undaydigan darsliklar yaratildi. Darsliklarni yaratish oson ish emas. Bu ijodiy muhit, ijodiy atmosferani talab qiladigan jarayon. Lekin oxirgi vaqtlar bo‘layotgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali sizdirilayotgan har xil asossiz xabarlar, asossiz gaplar, asossiz mish-mishlar bu ijodiy muhitni so‘ndiradi va mualliflarning ishini, rag‘batini o‘ldiradi», — deya ta’kidladi mualliflar nomidan so‘zga chiqqan Komil Jalilov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «ijodiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan va mualliflarning ishlashga bo‘lgan ishtiyoqini o‘ldiradigan» turli asossiz xabarlar va mish-mishlar «sizdirilmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, kitob ijarasi narxlari oshishi sababli boshlangan muhokama sekin-asta darsliklar mazmuni muhokamasiga aylanib ketgan, shu sababli odamlar «asossiz ravishda ularning mazmuniga shubha bilan qaray boshlagan».

«Qandaydir komissiyalar tuzilib, darsliklarning mazmunini tekshirib, har xil odamlardan fikr yig‘ish… Biz qarshi emasmiz, darsliklarning mazmunini o‘rganish kerak bo‘lsa, o‘rganishsin, baho berishsin. Faqat, bunga bahoni xolislar bersin. Zamonaviy metodikani, metodikadagi zamonaviy tendensiyalarni hozirgi zamon bolasiga nimani qanday o‘rgatish kerakligini tushunadigan mutaxassislar, tushunadigan xolis ekspertlar baho berishsin. Buning ortidan o‘zining qandaydir biznes manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar, manfaatdor „chinovniklar“ (amaldorlar) baho bermasin bu narsaga. Chunki bu holatda baho xolis bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q», — deya ogohlantirdi u.

Komil Jalilovning aytishicha, maktab darsliklarini tuzuvchilar halol raqobatdan qo‘rqishmaydi va darsliklar boshqalar tomonidan ham yaratilishiga qarshi emaslar.

«Va o‘qituvchi tanlasin. Halol raqobatdan hamma yutadi — ta’lim ham, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham, ota-ona ham. Lekin parda ortidagi har xil o‘yinlar, asossiz gaplar, bunaqangi nosog‘lom kurashdan millat zarar ko‘radi, ta’lim zarar ko‘radi va oxir-oqibatda hammamiz zarar ko‘ramiz», — dedi u.

Mutaxassis prezidentdan vaziyatni yana bir bor o‘z qo‘liga olishni so‘radi.

Sa’dullo Quronov (suratda o‘ngda) darslik mualliflarining aksariyati xorijda tahsil olgani va xalqaro tajribaga ega ekanligini ta’kidladi. Bundan tashqari, BMT tashkilotlari — YUNISEF va YUNESKO ekspertlari ham maktab kitoblarini tayyorlashda yordam berishmoqda.

Uning fikricha, darsliklar maktablarga yetib bormasdanoq boshlangan targ‘ibot ishlari mualliflarni obro‘sizlantirishga qaratilgan, bu esa aholining ta’lim sohasidagi islohotlarga ishonchini yo‘qotmoqda.

Potsdam (Germaniya), Groningen (Niderlandiya) va Sharqiy Finlyandiya universitetlarida psixolingvistika va til o‘rganish jarayonlarini ilmiy nuqtai nazardan o‘rgangan «Ona tili va o‘qish savodxonligi» darsligi muallifi, filologiya fanlari nomzodi Iroda Azimova 2016 yilda prezident bilan uchrashuvda ishtirok etganini aytdi.

«O‘shanda hurmatli Shavkat Miromonovich: „O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi meni umuman qoniqtirmaydi. Uni butunlay yangilash kerak, „toza oq qog‘ozdan“. O‘rganinglar chet elning metodikasini, sizga shu topshiriq“, degan edilar. Men bu vazifani bo‘ynimga olarkanman, menga shunday mas’uliyatli vazifa topshirildi, xalqimizning kelajagi uchun sidqidildan qilishim kerak, deganman. Bizga bu yo‘l oson kechmadi. G‘oyalar jangi eng keskin jang ekanligini hamma yaxshi biladi. Biz- yangi chiqarilgan „Ona tili va o‘qish savodxonligi“ darsligi mualliflari yo‘q joydan qancha mashaqqat, uyqusiz tunlar, birgalikda bahs-munozarayu tortishuvlar bilan yangi yondashuvdagi darsliklarni yaratdik. Chunki biz prezident bergan topshiriqqa ko‘ra davlat ahamiyatiga molik ish bilan shug‘ullanayotganimizga ishonchimiz komil edi», — deb yozdi u.

Bizga hatto qisqa muddat berilganda ham butun kuchimizni shu ishga safarbar qilib, o‘tgan yili birinchi va ikkinchi sinf darsligini yozib tugatishga erishdik. Nega hozir ushbu mualliflar jamoasining hamma mehnatiga chiziq tortilib, ularning mutaxassisligiga shubha bilan qaralyapti? Bizning aybimiz nima? Xalqimiz uchun jon kuydirib halol ishlaganimizmi? Nimaga darsliklar ijarasidan boshlangan mojaro darslik mazmuni va sifatiga shubha bilan qarash tomon burildi?!" — degan savolni o‘rtaga tashladi mutaxassis.

Iroda Azimova xolis ekspertizaga e’tiroz yo‘qligini ta’kidlab, yondashuvni tushunadigan malakali mutaxassislar ishlarini tahlil qilib ko‘raverishsin, dedi.

«Lekin hozir ijtimoiy tarmoqlardagi har xil xolis va noxolis xabarlarning tarqatilishi biz mualliflarga nisbatan haqoratdir», — deb yozdi u.

Komil Jalilov, shuningdek, 6-sinf uchun ona tili va adabiyot fanidan dars beruvchi o‘qituvchilardan birining taqrizini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabga yangi darsliklar hali yetib kelmagan, shuning uchun birinchi mavzuni printerda chop etgan.

«Badiiy asar tahlinini uch bosqichda o‘rganish haqida dars o‘tildi. „Nima qilib qo‘yding, Sherzod?“ hikoyasi asosida tushuntirildi. Aynan kitobdan mutlaqo chekinmasdan o‘tib ko‘rdim. Oraliqdagi savollar berilganda, bolalar rosa faol bo‘lishdi. Javoblarning darslikdagi javoblarga o‘xshash berilishini ko‘rib, o‘zim ham zavqlanib ketdim. Qo‘ng‘iroq chalingani hech bir o‘quvchiga yoqmadi. Xullas, bolalar birinchi darsni juda yaxshi qabul qilishdi. Demak, 6-sinf adabiyot darsligi o‘zini oqlaydi. O‘quvchilarim tezroq kitbni qo‘lga olishni istashyapti», — deb yozdi o‘qituvchi.

XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi (RTM) allaqachon internet tarmog‘ida darsliklardagi xatolar ko‘rsatilgan bir qancha xabarlarni rad etdi. Ularning aksariyati «Telegram»dagi Kompromatuzb anonim kanalida chop etilgan.

Xususan, 10-sinf uchun «Biologiya» darsligidagi xatolari bo‘lgan skrinshotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi. RTM esa bu bir necha oy oldin tarqatilgan kitobning ishchi fayli ekani hamda chop etilgan darslikda ushbu xatolar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108%) oshirish rejalashtirilgan edi. XTV buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohladi.

Maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida Shavkat Mirziyoyev darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi. Shu kuni prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov maktab darsliklari sifatini tekshiradigan ishchi guruh tashkil etilishini ma’lum qildi.