Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan uchta holatda $45 ming pora olayotgan advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati (1985 y.t.) o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tadbirkorga MCHJda o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llamaslik evaziga 23 ming dollar talab qiladi. Gumonlanuvchi mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtda ushlangan.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi boshqa bir holatda advokat sud idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali fuqaroning turmush o‘rtog‘iga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosini boshqa yengil turdagi jazoga o‘zgartirib berish evaziga 9 ming dollar talab qiladi.

Shuningdek, fuqaroga muqaddam yuridik xizmatlarni ko‘rsatganligi uchun advokatlik to‘lovlarini amalga oshirgan bo‘lishiga qaramasdan, sudga harajat qilganligini aytib, qo‘shimcha 3 ming dollar berishini so‘raydi. DXX tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida advokat fuqarodan 12 ming dollarni olgan vaqtda ushlandi, deyiladi xabarda.

Samarqand shahridagi yana bir holatda esa advokatlik firmasi huquqshunosi sud idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali fuqaroning Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tayotgan turmush o‘rtog‘iga nisbatan boshqa yengilroq jazoga almashtirish masalasini hal qilib berish evaziga 10 ming dollar berishni talab qiladi.

DXX Toshkent shahrida o‘tkazgan tadbirda advokat so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.