26 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Amanbay Orinbayevning rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilatlarini, shuningdek, hududni rivojlantirish borasidagi takliflarini hisobga olib, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzod haqida fikr bildirdi. Shundan so‘ng mazkur masala ovozga qo‘yildi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan Amanbay Orinbayev bir ovozdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga saylandi.

Prezident Jo‘qorg‘i Kengesning yangi Raisiga murojaat qilar ekan, «Amanbay Orinbayev adolat, sadoqat, halollik, mas’uliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni o‘z faoliyatining eng muhim mezonlari sifatida belgilab olib, saylangan lavozimida Qoraqalpog‘iston ahliga sidqidildan xizmat qilishi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashi lozim», dedi.

2020 yildan beri Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilib kelgan Murat Kamalov «betobligi sababli» lavozimidan ozod etildi.

Amanbay Orinbayev Qoraqalpog‘iston IIV rahbari lavozimida 5 oydan kamroq muddat — mart boshidan iyul oxiriga qadar ishladi. Iyul oyi boshida respublikada yuz bergan namoyishlardan so‘ng u o‘z lavozimidan ozod qilingandi va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Avgust oyi boshlarida u o‘z nomzodini Jo‘qorg‘i Kengesning bo‘shab qolgan o‘rinlariga qo‘ydi va 21 avgust kuni deputat sifatida saylandi.

Bunga qadar esa u IIV JXD Probatsiya xizmati boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Ungacha esa IIV Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2016 yil avgust oyida Amanbay O‘rinboyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Yuqoridagi sessiya davomida prezident Shavkat Mirziyoyev ikki oy oldingi Nukus voqealari negizida aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yotganini ta’kidlagandi. «Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar „xalqni rozi qilish“ degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», — dedi u.