Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 8 avgust kuni turizmni rivojlantirish mavzusidagi brifingda so‘zga chiqib, «Salom, Tashkent» videoroligi haqida gapirdi. Bu haqda UzReport telekanali xabar berdi.

«Bugungi Toshkent 1994 yilgi Dubaydan zo‘r. Buni aniq ayta olaman. Bunga necha yil bo‘libdi? Lekin, sekin-sekin Dubay 80 mln odamni qabul qilyapti. Turizmga juda katta kuch berdi, katta imkoniyat yaratdi, neftga qarab qolmadi. Turizm yo‘nalishida eng yaxshilarini qilishni boshladi. Men o‘ylaymanki, albatta, juda Dubayga yetish qiyindir, lekin yaxshi orzu qilsak, qisman bo‘lsa ham [Dubaydek] bo‘lmaymizmi?», — dedi u.

Tadbirda O‘zbekiston poytaxti «Salom, Toshkent» nomli sayohat videoroligi taqdim etildi. Hokim ta’kidlaganidek, videorolik ko‘proq yoshlar auditoriyasiga mo‘ljallangan. Uning fikricha, ushbu videoning ommaviy targ‘iboti bilan «20 kundan keyin, ko‘pi bilan bir oy ichida Toshkentga sayyohlar oqib kela boshlaydi».

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlarning natijalari dekabr oyida muhokama qilinishi mumkin. «Men natijaga ishlayman», — dedi poytaxt ma’muriyati rahbari.

«Keling, [videoni] hamma joyda targ‘ib qilaylik. „Senga ishonib targ‘ibot qilgan edik, dekabrda hech kim kelmadi“ deb, qancha urishsangiz yoki so‘ksangiz, men roziman», — dedi u.

Matbuot anjumanida Jahongir Ortiqxo‘jayevga shahar mikroiqlimi ham, mamlakatning ekologik imidji ham sayyohlik salohiyatida muhim rol o‘ynashini hisobga olib, obyektlarni jadal qurish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga yashil maydon va landshaftni saqlab qolish rejalari yuzasidan savol berildi, deyiladi telekanal xabarida. Biroq, hokim bu savolga javob berishdan bosh tortdi.

«Bugungi [matbuot anjumani] mavzusini [hokim o‘rinbosari] Furqat Mahmudxo‘jayev aytdi — bu turizm sohasi, ya’ni turizm bo‘yicha [savollar berish mumkin]. Xohlasangiz shu yo‘nalishda alohida tadbir o‘tkazamiz. [Ekologiya bo‘yicha] ish olib borilmayapti emas, olib borilyapti. Biz ishlayapmiz. Bugun turizmni qanday rivojlantirish kerak, qanday hamkorlik qilish kerak, shu haqda mavzu ko‘tarilmoqda. Men sizni tushunaman, lekin bugun sizning savolingizga javob berishga majbur emasman», — deya ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni prezident topshirig‘iga ko‘ra, Chilonzor ko‘chasidagi 100 dan ortiq daraxtga zarar yetkazilgan voqea uchun Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan bo‘shatildi. Shahar hokimi va prokuroriga «o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgani uchun» qattiq hayfsan berildi.