Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari shaxsan o‘z vatandoshlarini Ukrainaga urushga jalb qilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

«Vetta» telekompaniyasi e’lon qilgan videoda Jahongir Jalolov ismli shaxs o‘zbeklar shu yerda yashayotgani, ishlayotgani, ularning farzandlari esa o‘qiyotganini oqlashga majbur ekanliklarini ta’kidlagan. Tasvirlardan ushbu yig‘ilishda 40 dan ortiq kishi borligini ko‘rish mumkin.

«Ko‘ngillilardan iborat batalon tashkil etish hamda uni „Amir Temur“ nomi bilan atashni va Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasini qo‘llab-quvvatlashni taklif qilaman», — dedi u. Xonada o‘tirganlar esa shundan so‘ng uni qo‘llab-quvvatlagan va qarsaklar chalgan.

Mazkur xabarlarga O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi munosabat bildirdi.

«Shu munosabat bilan, O‘zbekiston fuqarolaridan bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Agentlik shuningdek, O‘zbekiston JKning 154−1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi.