1 avgust kuni soat 00:00 da O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasining umumxalq muhokamasi o‘z yakuniga yetdi. U 25 iyuldan beri davom etayotgandi.

Avvaliga muhokamalarga 10 kun berilgandi. Keyinchalik deputatlar muddat kamligini tan olib, yana 10 kun qo‘shishdi. Buning davomida esa qonun chiqaruvchilar muhokamalar vaqtini yana 15 kunga cho‘zishga qaror qilishdi.

Konstitutsiyaviy qomissiya matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari «fuqarolardan kelib tushgan takliflarni umumlashtirish, tahlil qilish va qonun loyihasini takomiliga yetkazish borasidagi faoliyatini davom ettiradi».

Mazkur jarayon qanchalik ochiq bo‘lishi esa hozircha noma’lum. Komissiya doimiy ravishda «o‘zgartishlar manbai xalq» ekanligini ta’kidlashiga qaramasdan, Asosiy qonunning dastlabki loyihasiga kiritilgan bir qator o‘zgartirishlar o‘zbekistonliklar uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Nafaqat qonun loyihasi, balki umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish qarori ham deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Loyiha esa Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan bir oy ichida ishlab chiqildi. Komissiya rahbari Akmal Saidov esa o‘shanda «Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonning noyob tajribasi haqida gapirish mumkinligini» ta’kidlab, buni «o‘zbekcha nou-xau» deb atadi.

1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda respublika maqomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif qilingan o‘zgartishlar sabab bo‘lgan namoyishlardan so‘ng Qoraqalpog‘istonga oid moddalar loyihadan chiqarib tashlandi.

Konstitutsiyaviy komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 30 iyul holatiga ko‘ra, fuqarolar va tashkilotlardan 117,3 mingdan ortiq (shundan 62 mingdan ko‘prog‘i loyiha e’lon qilingunga qadar) taklif kelib tushdi. Shundan eng ko‘p qismi — 77,6 mingdan ortig‘i telefon orqali qabul qilingan. 24,3 ming taklif esa «Bu mening Konstitutsiyam» sayti orqali kelgan. 14,5 ming taklifni esa fuqarolar shaxsan yetkazgan. Kollektiv murojaatlar soni esa 860 ta atrofida.

Fuqarolarning takliflari bilan tanishish imkoni yo‘q — 25 iyundan keyin takliflarni qabul qilishga oid saytda e’lon qilib borilmadi.