Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Qozog‘iston o‘zining tashqi siyosatidagi Rossiyaning imtiyozli pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi hamda o‘ziga AQSh, Turkiya va Xitoy timolida ittifoqchilar qidira boshladi. Bu haqda Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi Qozog‘istonning amaldagi hamda sobiq amaldorlari, qonunshunoslar va tahlilchilar so‘zlariga asoslanib xabar berdi.

Yil boshida Rossiya Federatsiyasi hukumatga qarshi shafqatsiz tartibsizliklarni bostirish uchun Qozog‘istonga 2000 dan ortiq askar jo‘natdi. Olti hafta o‘tgach, rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganida, Qozog‘iston «bosqinni qo‘llab-quvvatlash orqali yaxshiliklarini qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ldi», ammo bunday qilmadi.

Buning o‘rniga Qozog‘iston bosqinga nisbatan betaraf qolgan boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining pozitsiyasiga qo‘shildi. Qolaversa, Qozog‘iston G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalariga rioya qilishga va’da berdi, Rossiyani chetlab o‘tuvchi yo‘nalishlar bo‘yicha Yevropaga neft eksportini ko‘paytirishga tayyorligini ma’lum qildi, mudofaa budjetini oshirdi va Markaziy Osiyoning ushbu davlatini Vashington orbitasiga yaqinlashishga ko‘ndirish maqsadida AQSh delegatsiyasini qabul qildi, deb yozadi WSJ.

Qozog‘istonning pozitsiyasi Rossiyadagi ba’zi shaxslar, xususan, rossiyalik teleboshlovchi Tigran Keosayanni (Margarita Simonyanning eri) g‘azablantirdi, u Qozog‘istonning «nodo‘stona xatti-harakatlari» haqida gapirdi.

«Qozoqlar, birodarlar, bu qanday noshukurlik… Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. O‘ylaymanki, bizning mas’ullarimiz ham munosabatlar darajasini qayta baholashlari, qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Chunki, azizlarim, agar siz shu qadar „aqlli“ („xitro*opa“ jargoni ishlatilgan — tarj.) bo‘lishda davom eta olaman deb o‘ylasangiz, hech narsaga erisha olmaysiz, adashasiz», — dedi u.

The Wall Street Journal nashrining qayd etishicha, qozog‘istonliklar bunday gap-so‘zlarga anchadan beri o‘rganib qolgan. Aholining qariyb 20 foizini etnik ruslar tashkil qiladi va rus millatchilari uzoq vaqtdan beri Shimoliy Qozog‘istonni Rossiya yerlari deb ta’kidlab keladi. 2014 yilda Rossiya Qrimni Ukrainadan ajratgach, prezident Vladimir Putin Qozog‘istonda Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin davlatchilik tarixi yo‘qligini aytdi.

Bosqindan so‘ng, ritorika jiddiy qabul qilina boshladi, ayniqsa Qozog‘iston Rossiya bilan chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlatidir. Markaziy Osiyo davlatlarining hech biri bosqinni qo‘llab-quvvatlamadi va O‘zbekiston o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donbass respublikalarini tan olmasligini ochiq e’lon qildi.

Donald Lu va Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi. Foto: gov.kz.

Qozog‘istonning Moskvadan qisman ajralishi AQShga so‘nggi yillarda chekingan mintaqada o‘z ta’sirini tiklashga harakat qilish imkoniyatini berdi. Prezident Jo Baydenning inson huquqlari bo‘yicha bosh diplomati Uzra Zeya mamlakatga tashrif buyurgan aprel oyidan beri AQSh hukumati rasmiylari mintaqaga bir necha bor keldi. May oyi oxirida AQSh davlat kotibi yordamchisi Donald Lu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga safar qildi. Iyun oyida esa AQSh Markaziy qo‘mondonligining yangi tayinlangan rahbari, armiya generali Erik Kurilla xuddi shu davlatlarda bo‘ldi.

G‘arb sanksiyalar kiritganidan so‘ng Qozog‘istonning Yevropa bilan Rossiya orqali o‘tadigan an’anaviy savdo yo‘li butunlay to‘xtab qoldi, sug‘urta kompaniyalari va import qiluvchilar esa bu mamlakat orqali o‘tadigan yuklardan ehtiyot bo‘lishdi. Natijada Qozog‘iston rasmiylari o‘z savdolarini diversifikatsiya qilish ustida ishlay boshladilar (Jahon banki Qozog‘iston iqtisodiyoti joriy yilda o‘rtacha 4,1 foizga qisqarishini taxmin qilmoqda).

Bosqindan bir necha hafta o‘tgach, Qozog‘iston rasmiylari delegatsiyasi Kaspiy dengizi sohilidagi Turkiya bilan chegaradosh Sobiq ittifoq davlatlaridan Ozarbayjon va Gruziyaga borib, Xitoydan Yevropaga Markaziy Osiyo, Kafkaz mintaqasi va Turkiya orqali o‘tuvchi savdo yo‘li — O‘rta koridorni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borishdi.

O‘tmishdagisavdo yo‘li na Markaziy Osiyo davlatlari, na Xitoy va na Turkiya tomonidan jiddiy o‘rganilgan, bunga qisman «hukumatlar Rossiyani g‘azablantirmoqchi bo‘lmagani» sabab bo‘lgan, dedi Turkiyaning Osiyo-Tinch okeani bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktor, Turkiya tashqi ishlar vazirining sobiq maslahatchisi hamda hozirda Xitoydagi universitetda dars berayotgan Selchuk Cho‘lakog‘lu. Bosqin mintaqadagi davlatlarni, jumladan Xitoy va Turkiyani Rossiyaning hukmronligiga qarshi chiqishga undadi, dedi u.

Yanvar-aprel oylarida konteyner tashuvlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar oshdi, dedi Qozog‘iston Sanoat va savdo vazirligining Transport siyosati va infratuzilmasi departamenti direktori o‘rinbosari Zeynolla Axmetjanov.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston uchun savdoni diversifikatsiya qilish omon qolish masalasidir. So‘nggi bir necha oy ichida Rossiya Qozog‘iston nefti eksportining qariyb 80 foizini tashiydigan Kaspiy quvurini ikki marta to‘xtatdi, Qozog‘iston esa yukning bir qismini Kaspiy dengizidagi Aktau va Kurik portlari orqali o‘tkazdi.

Mart oyi oxirida Rossiya uchta terminaldan ikkitasini bo‘ron tufayli bir necha haftaga ta’mirlash uchun yopdi. Ular Qozog‘iston Energetika vaziri va uning delegatsiyasi muzokaralar uchun Moskvaga ketganidan bir necha kun o‘tib qayta ochildi.

Iyul oyi boshida Rossiya sudi go‘yoki ekologik qoidabuzarlik tufayli gaz quvurini 30 kunga to‘xtatib turishga qaror qilgan edi. Bir necha kundan keyin sud o‘z qarorini bekor qildi, ammo Qozog‘iston allaqachon munosabat bildirgandi. 7 iyul kuni prezident Qosim-Jomart Tokayev neft kompaniyalariga yangi yuk tashish yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Amerika gazetasi ta’kidlaganidek, ko‘p yillar davomida Qozog‘istonda Rossiya va Xitoy o‘rtasida so‘zsiz «mehnat taqsimoti» mavjud edi: Moskva xavfsizlikka qaragan, Pekin esa iqtisodiy rivojlanish bilan shug‘ullangan. Ammo Ukrainada urush boshlanishi bilan vaziyat o‘zgara boshladi. Aprel oyi oxirida Xitoy milliy mudofaa vaziri Vey Fenxe Qozog‘istonga tashrif buyurdi va u yerda prezident Qosim-Jomart Tokayev bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Vey Fenxe va Qosim-Jomart Tokayev. Foto: akorda.kz.

Qozog‘iston NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya bilan ham yaqinroq aloqa o‘rnatishga intiladi. May oyi boshida Tokayev Anqaraga tashrif buyurdi va u yerda rasmiylar Qozog‘istonda harbiy dronlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Aprel oyida Qozog‘iston mudofaa budjetini 441 mlrd tengega (taxminan 918 mln dollar) oshirdi. Ismini oshkor etmagan yuqori lavozimli amaldorning nashrga aytishicha, pulning bir qismi mamlakat harbiy zaxiralarini oshirishga yo‘naltiriladi. Suhbatdoshga ko‘ra, Qozog‘iston ham Ukrainaning keskin qarshiligidan saboq oldi, ya’ni armiyani gibrid urushda mobilroq va qobiliyatli bo‘lishi uchun isloh qilishi kerak, bunda oddiy urushdan tashqari, kiberhujumlar kabi usullar ham qo‘llaniladi, dezinformatsiyadan foydalaniladi, saylovlarga aralashadi.

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, G‘arbda ba’zilar Rossiya armiyasi «qog‘oz yo‘lbars» (juda kuchli va xavfli ko‘rinadigan, lekin aslida zaif va zararsiz bo‘lgan dushman yoki xorijiy davlat) sifatida fosh qilingan deb hisoblasa-da, bir Markaziy Osiyo rasmiysi Rossiya ambitsiyalaridan qo‘rqish kuchayib borayotganini aytdi.

«Ular ko‘plab boshqa [mamlakatlar] bilan ish olib borishsa hamda ularda jabr-zulmga vaqtlarini o‘tkazish uchun Sharqiy Yevropa va Ukraina bo‘lsa boshqa gap. Tasavvur qiling, agar ular uchun Ukraina bo‘lmasa. Biz keyingi bo‘lamizmi?» — dedi suhbatdosh.

Foto: AkordaPress / Facebook.

17 iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida o‘zini o‘zi e’lon qilgan DNR va LPR kvazidavlat hududlari deb atagan va Qozog‘iston ularni tan olmasligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston G‘arbning ayrim sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan: iyul oyi boshida Qozog‘iston Moliya vazirligi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni Rossiya va Belarusga yetkazib berishni taqiqlovchi buyruq loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. 6 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni izohlar ekan, hozircha hech qanday qaror yo‘qligini va «hukumatlarimiz doimiy aloqada» ekanini aytdi. Bu hujjat hozirda olib tashlangan.