O‘zbekiston Voleybol federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar budjet mablag‘larini juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Bosh prokuratura matbuot hizmati o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Aniqlanishicha, sobiq jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning buyrug‘iga asosan, federatsiyaga 54 nafar sportchilarga 23 kunlik o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazish uchun budjetdan 445 mln so‘m ajratilgan. Biroq, mashg‘ulot yig‘ini amalda 10 kun o‘tkazilgan. 231 mln so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, terma jamoa va uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan 29 nafar sportchi turli sport yig‘inlariga yuborilib, 75 mln so‘m mablag‘lar asossiz sarflangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida budjetga yetkazilgan zararning 120 mln so‘mi qoplangan.

Bosh prokuratura mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilgacha jismoniy tarbiya va sport vaziri bo‘lib ishlagan Dilmurod Nabiyevga 2019 yildan boshlab O‘zbekiston voleybol federatsiyasi rahbarligi ham topshirilgandi. 2021 yilning boshida Dilmurod Nabiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazir lavozimidan ozod etildi va fevralda Qarshi davlat universitetiga rektor bo‘ldi.