16 iyul kuni bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga Jamshid Xodjayev nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

U prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlangan Sardor Umurzakovning o‘rnini egalladi.

Jamshid Xodjayev (1979 yilda tug‘ilgan) Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti (2000) va Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini (2003)ni tamomlagan. Bank tizimida 2000 yildan buyon ishlagan, xususan, O‘zbekiston Markaziy banki tuzilmasidagi 14 yillik mehnat faoliyatining 8 yili davomida rahbarlik lavozimida ishlagan.

2017 yilda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab, g‘aznachilik, tashqi iqtisodiy faoliyat, axborot texnologiyalari, loyihalarni moliyalashtirish va boshqa bo‘limlarga rahbarlik qilgan.

2017 yil avgust oyida Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari — Davlat budjeti daromadlari to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2017 yil noyabr oyida tashqi savdo vaziri, 2019 yil yanvar oyida esa qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlangan.