O‘zbekiston Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida narx oshgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

14 iyul kuni Hukumat biznes uchun elektr energiyasi va gaz narxining oshishi qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining 30 iyundagi qarorini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.

Natijada gaz quyish shoxobchalari uchun mahsulotlarni sotish narxlari oshmagan va bir xil darajada saqlanib qolgan.

«Shu munosabat bilan, AGTKSHlarida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish uchun ishlatiladigan metan narxini oshirishning obyektiv sabablari yo‘q. Biroq, eslatib o‘tamizki, Energetika vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari AGTKSHlarning narx siyosatiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega emas, chunki AGTKSHlar bozor sharoitida faoliyat yuritadi va talab va taklifga qarab narxlarni o‘zlari shakllantiradi», — deyiladi vazirlik xabarida.


Tarmoqlarda metan narxi 15 iyuldan 3000−3100 so‘mga oshgani aks etgan suratlar tarqaldi. Bunga qadar esa narxlar 2300 so‘mdan 2800 so‘mgacha bo‘lgan.

«Gazeta.uz»ga «O‘ztransgaz» matbuot xizmati ma’lum qilishicha, kompaniya respublikadagi 1200 dan ziyod gaz quyish shoxobchalaridan 350 tasiga bevosita tabiiy gaz yetkazib beradi. Avvalroq ularga tabiiy gaz narxi 15 iyuldan oshishi haqida bildirishnoma yuborilgan bo‘lgan, biroq ushbu qaror kuchga kirishidan bir kun oldin vaqtincha to‘xtatilib qo‘yildi.

«„O‘ztransgaz“ 350 ta gaz quyish shoxobchalariga tabiiy gazni eski narxda (bir kub metr uchun 1150 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan) yetkazib bermoqda. Agar o‘sha gaz quyish shoxobchalarida narx ko‘tarilishi qayd qilingan bo‘lsa, bu tadbirkorlik subyektlarining mustaqil qarori bo‘ladi — bunga „O‘ztransgaz“ aralasha olmaydi», — deyiladi xabarda.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, narxlar oshirilishi «gaz quyish shoxobchalaridan soliqlar oldindan undirilishi» bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, shuning uchun ular soliqlarni yuqori gaz narxlarida to‘lashlari mumkin.

Biroq, Hududgaztaminot yetkazib berilgan gaz uchun oldindan to‘lov har oyning 25-sanasiga qadar amalga oshirilishini, ya’ni iyul uchun to‘lov 25 iyun kuni eski narxda amalga oshirilganini ma’lum qildi.

«Vazirlar Mahkamasining [22-sonli] qarorining 114-bandiga muvofiq, yetkazib berilgan gaz uchun to‘liq to‘lov keyingi oyning 10 sanasiga qadar amalga oshiriladi, ya’ni bizning holatimizda 10 avgustgacha. Tariflar avvalgidek qoldi», — deya qayd etdi kompaniya.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi yuqoridagi qarorning 122−1-bandiga asosan tariflarning oshishi bilan iste’molchi oldindan to‘langan tabiiy gaz miqdori uchun qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan (to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga) ozod qilinishini eslatib o‘tdi.

«Yakuniy iste’molchiga sotilgan neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalari — hajmiga nisbatan belgilangan (Soliq kodeksining 289−3-moddasi). AGTKSH uchun mahsulot sotish narxlarida o‘sish yo‘qligi sababli daromad solig‘i va QQS bo‘yicha soliq bazasi bo‘yicha o‘zgarishlar ham yo‘q», — deyiladi qo‘mita xabarida.