May oyidagi «WikiStipendiya» loyihasi boshlangandan beri 3 iyul holatiga ko‘ra, o‘zbekcha Wikipedia`da yaratilgan maqolalar soni 150 000 taga yetdi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekcha Wikipedia ayni paytda 150 082 ta maqola bilan barcha tillardagi Wikipedia`lar orasida 58 o‘rinda bormoqda. Bunga qadar esa xattoki o‘lik tillardan ham pastroq, 62 o‘rinda bo‘lgan.

Loyiha mualliflaridan biri Kanat Abdikarimovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, marafonga qadar undagi maqolalar soni 138 mingta bo‘lgan.

20 maydan bugunga qadar o‘zbek tilida 9712 ta yangi maqola yaratilgan. «Ularning 4 247 tasi shubhasiz WikiStipendiya marafoni doirasida yaratildi, chunki aynan shuncha maqola hakamlar baholashi uchun Fountain platformasiga kiritildi. O‘zbekcha Vikipediya iyun oyida barcha tillardagi Vikipediya bo‘limlari orasida yangi yaratilgan maqolalar soni bo‘yicha 9-o‘ringa ko‘tarildi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu statistikaning muhim jihati shundaki, ushbu maqolalarning deyarli barchasi bot yordamida emas, balki foydalanuvchilar tomonidan yaratildi.

Shuningdek, o‘zbek tili turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida turkcha, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha, ozarbayjoncha va qozoqcha Vikipediyalardan keyin 6-o‘rinda bormoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning 30 iyun — Yoshlar kunida «Viki-stipendiya» loyihasi haqida gapirib o‘tganidan so‘ng, loyihaga qiziquvchilar va o‘zbek tilidagi maqolalar sonini ko‘paytirishga hissa qo‘shishni istaganlar soni oshgan.

««Viki-stipendiya» loyihasi ishga tushgach, avval o‘zbekcha Vikipediyada mavjud bo‘lmagan juda ko‘plab maqoalalar joylandi. Masalan, «Yangi O‘zbekiston bog‘i», «Zakovat» intellektual o‘yini, Samarqand noni, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova haqidagi maqolalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, bu yil loyiha doirasida o‘zbek tilidagi manbalar ko‘paytiriladi, keyingi bosqichda esa xorij tillariddagi O‘zbekiston haqida yozilgan maqolalar ko‘paytiriladi. Bundan maqsad o‘zbek vikipediyasini kuchli o‘ntalikka kiritish, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, loyihada ishtirok etish uchun @Wikistipendiya_bot orqali ro‘yxatdan o‘tish va Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalarni boyitishda faol ishtirok etish mumkin. Loyiha AOKA, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbek tilida so‘zlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan.

Maqolalar yaratish bo‘yicha WikiStipendiya marafoni 2022 yilning 20 dekabriga qadar davom etadi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday ishtirokchi qatnashishi mumkin. G‘oliblar bir martalik stipendiya bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘ringa — 50 000 000 so‘m;
  • 2-o‘ringa — 40 000 000 so‘m;
  • 3-o‘ringa — 30 000 000 so‘m;
  • 4−8-o‘rinlarning har biriga — 20 000 000 so‘mdan;
  • 9−18-o‘rinlarning har biriga — 10 000 000 so‘mdan;

G‘oliblarga sovrinlar homiylar va tashkilotchilar tomonidan taqdim etiladi.