Joriy oy boshidan 21 iyun kuniga qadar Samarqand va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p kuzatildi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Toshkentda o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori 17 mm ni tashkil etgan bir vaqtda oy boshidan buyon 22 mm yoki me’yordagidan 130 foiz ko‘proq yog‘ingarchilik yog‘di.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning katta qismida esa yog‘ingarchilikning umumiy miqdori o‘rtacha oylik iqlimiy ko‘rsatgichlaridan kam bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet 17 iyun kuni 20−22 iyunda respublika hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.

19−20 iyun kunlari respublika hududlariga Qora dengiz va Kavkaz hududlaridan g‘arbiy nam havo massalarining kirib kelishi qayd etildi. Bu jarayon kuchli shamol va ayrim viloyatlarda kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishiga olib keldi. Kuchli yog‘ingarchiliklar respublikaning janubiy va shimoli-sharqiy hududlarida kuzatildi. Xususan, Toshkent shahrida 20 iyun kunduz kuni vaqti-vaqti bilan kuchli jadal yog‘ingarchilik kuzatildi. Yog‘ingarchilik umumiy miqdori poytaxtda notekis taqsimlandi.

O‘zgidrometning asosiy kuzatuv stansiyasi joylashgan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Toshkent-Observatoriya hududida qisqa vaqt oralig‘ida yog‘ib o‘tgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori 15 mm (o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdoriga teng ko‘rsatgich) bo‘lgan bo‘lsa, poytaxtning boshqa bir qismi xalqaro ayeroport hududidagi kuzatuv stansiyasida bu ko‘rsatgich 21 mmni tashkil etdi. Yog‘ingarchiliklar asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tdi.

«Sutkaning 12 soat ichida 15 mm va undan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi bu xavfli meteorologik hodisa hisoblanadi. Ayniqsa, yoz oylarida bu kabi yog‘ingarchilik odatda intensiv (jadal) ko‘rinishda yog‘ishi hisobiga, yo‘lsozlik va qurilish obyektlarida noto‘g‘ri yondashuv asosida barpo etilgan obyektlar (latok, suv o‘tkazi inshootlari, drenaj, kuchli yog‘ingarchilikka bardoshli tom yorilmalari) sel-suv bosish hodislarini keltirib chiqarishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Yoz oylarida poytaxtda 12 soat ichida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchiliklar kuzatilishi juda kamdan kam holatlarda ro‘y beradi. Toshkent shahrida oxirgi o‘n yillikda yozning dastlabki iyun oyida birgina holatda sutka davomida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan. 2019 yilning iyun oyi boshlarida (3 va 6 iyun) Toshkentda ikki kun ichida umumiy 56 mm yog‘ingarchilik qayd etildi. Yog‘ingarchiliklar do‘l va kuchli jadal yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tdi.

«Bu normalmi? Albatta, Toshkentda yomg‘ir kam yog‘adigan yoki umuman yog‘maydigan (norma 25 foizdan kam) iyun oylari ham bo‘ladi. Oxirgi 20 yil ichida bunday iyunlar oylarning yarmiga yaqinini tashkil etgan, 2001 va 2008 yillar iyunida esa Toshkentda yog‘ingarchilik kuzatilmagan. Ushbu 20 yil davomidagi boshqa iyun oylarida esa bizda 3 kundan 8 kungacha yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi», — deya qo‘shimcha ravishda «Gazeta.uz»ga xabar berdi O‘zgidromet.

Oxirgi 20 yildagi eng seryog‘in iyun 2010 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda oyning 12 kunida yog‘ingarchilik bo‘lgan va yog‘ingarchilik miqdori 66 mm ni tashkil etgan edi, bu — besh oylik me’yorga yaqin.

Shu bois joriy yilning iyun oyini yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha anomal deb bo‘lmaydi, biroq, xususan, kechagi Toshkentdagi yomg‘ir iyun oyining so‘nggi o‘n kunligida juda noodatiy hodisa bo‘ldi, deya xulosa qilishdi sinoptiklar.