O‘zbekiston olimpiya jamoasi 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finalida Saudiya Arabistoni U23 jamoasiga imkoniyatni boy berib (0:2), musobaqa vitse-chempioniga aylandi. O‘zbekistonlik olimpiyachilar bosh murabbiyi Timur Kapadze yakshanba kungi finaldan keyingi matbuot anjumanida o‘yin natijalari haqida gapirdi.

«Bugun g‘alaba qozonib, butun xalqimizni xursand qilmoqchi edik. Biroq bu ishni uddalay olmadik. Buning uchun uzr so‘rayman. Nasib emas ekan. Barcha muxlislarimizga rahmat aytamiz. Keyingi turnirlarda yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz», — dedi 40 yoshli mutaxassis

Jurnalistlardan biri yarim himoyachi Abdurauf Bo‘riyev ishtirokidagi epizodlar haqida so‘radi, uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘lim boshida u markaziy himoyachilar bilan bir xil darajada harakat qilgan.

«Faqat o‘sha epizodda shunday bo‘lib qoldi… Ular (futbolchilar — tahr.) qaysidir vaziyatda bir-birining o‘rnini to‘ldirishi kerak edi», — deya tushuntirdi murabbiy.


Timur Kapadze uchrashuvning qiyin kechgani va jamoasi g‘alaba qozonishi uchun yetarlicha vaziyatlar bo‘lgani haqida gapirdi.

«G‘alaba qozonsak ham bo‘lardi, afsuski mag‘lubiyatga uchradik. Shunga qaramay har bir uchrashuvda yigitlar qahramonlik ko‘rsatdi, yaxshi harakat qildi, borini berishdi. Bugun qayerdadir nimadir o‘xshamadi. Balki qayerdadir hayajon, qayerdadir xavotir, qayerdadir bosim; hamma yigitlar har xil… O‘ylaymanki, bu bizga katta maktab bo‘ldi. Bolalarga rahmat aytaman. Bu bizga katta maktab bo‘ldi, bu mag‘lubiyatdan keyin yanada kuchliroq bo‘lamiz deb umid qilaman», — dedi murabbiy.

Mutaxassis bunday yosh jamoani shakllantirishdan (o‘rtacha yosh 20,1 yosh, Saudiya Arabistonida 21,5 yosh) asosiy maqsad 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish ekanini aytdi.

«Bu turnirda o‘yinchilar yosh bo‘lishiga qaramasdan, finalgacha keldik. O‘ylaymanki, bu biz uchun katta natija. Bu chempion bo‘lgandek natija. Chempion bo‘lsak ham bo‘lar edi, ko‘rdilaring, kuchimiz yetardi, nasib ekan. Turnir davomida har bir futbolchini yanayam yaxshi tanidim. Ularni ham jismoniy, ham ruhiy holatini ko‘rib oldik. Umuman olganda, bolalar hammasi deyarli zo‘r o‘ynadi, men ular bilan faxrlanaman», — dedi murabbiy.

Timur Kapadze bu mag‘lubiyatdan so‘ng futbolchilar o‘zlarini tiklab olishlari kerakligini aytdi.

«Bolalarda hozir mag‘lubiyatdan keyin [ruhiy tarafdan] zo‘riqish bor. Futbol shunaqa narsaki biz uzoq muddat dam ololmaymiz. O‘yin tugaydi va tarixga kiradi, navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Shunisi bilan ham qiyin, albatta. Chunki, bu yerda jismoniy holatni tiklash kerak, emotsional fonni, ruhiy holat. Ko‘p faktorlar rol o‘ynaydi», — ta’kidladi murabbiy.

Final hushtagidan so‘ng Timur Kapadze ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Saudiya Arabistoni U23 jamoasi bosh murabbiyi Saad al-Shehri jamoasi va yaqinlarini g‘alaba bilan tabrikladi.

«Bu juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Final uchun odatiy va kutilgan holat. Muxlislar mezbon jamoani yaxshi qo‘llab-quvvatlashdi. Biroq, futbolchilarim o‘z vazifalarini bajarishdi. Buning uchun ularga rahmat aytaman», — dedi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston olimpiya jamoasi 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlari uchun ajoyib jamoani shakllantira olgan.


Turnir yakuniga ko‘ra, musobaqa davomida birorta ham gol o‘tkazib yubormagan Saudiya Arabistoni U23 jamoasi darvozaboni Navaf al-Aqidiy eng yaxshi darvozabonga beriladigan sovrinni qo‘lga kiritdi. Uning jamoadoshi, yarim himoyachi Ayman Yahyo Toshkentda o‘tkazilgan U23 Osiyo chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.