O‘zbekistonda 2021 yilda 91 ta pora olish bilan bog‘liq jinoyat fosh etilgan bo‘lib, so‘nggi uch yilda ularning soni deyarli 50 foizga kamaygan. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifing davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lumot berdi.

2021 yilda avlat organlari va tashkilotlarida 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgani aniqlangan. Bu so‘nggi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygani aytilmoqda (2019 yilda 177 ta, 2020 yilda 161 ta pora olish jinoyati).

2022 yilning o‘tgan 5 oyi davomida (iyun oyigacha) 17 ta pora olish jinoyati sodir etilgani fosh qilingan. Keltirilishicha, bu o‘tgan yilning 5 oyiga nisbatan (2021 yilning 5 oyida 57 taga pora olish jinoyati) 40 taga kam.

2021 yildagi tahlillar jinoyatlarning eng ko‘pi poytaxtda bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Hududlar kesimida:

  1. Toshkent shahrida — 18 ta;
  2. Toshkent viloyatida — 13 ta;
  3. Jizzax viloyatida — 9 ta;
  4. Andijon viloyatida — 8 ta;
  5. Qashqadaryo viloyatida — 8 ta;
  6. Surxondaryo viloyatida — 7 ta;
  7. Samarqand viloyatida — 5 ta;
  8. Buxoro viloyatida — 4 ta;
  9. Namangan viloyatida — 4 ta;
  10. Farg‘ona viloyatida — 4 ta;
  11. Xorazm viloyatida — 4 ta;
  12. Sirdaryo viloyatida — 3 ta;
  13. Navoiy viloyatida — 2 ta;
  14. Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 ta sodir etilgan.

Pora olgani uchun qo‘lga olinganlarning 10 tasi viloyat, 81 tasi tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari (89%) bo‘lgan.

Ularning 49 nafari birinchi darajali rahbarlar, 8 tasi rahbar o‘rinbosari, 34 tasi ijrochi va texnik xodimlar, shuningdek mazkur shaxslarning 77 nafari erkak, 14 nafari ayol.

Sohalar kesimida tahlil qilinganda, 91 ta pora olgan mansabdorning 20 tasi ichki ishlar (8 tasi yo‘l harakati xavfsizligi), 12 tasi maktabgacha ta’lim, 10 tasi hokimlik, 6 tasi harbiy, 6 tasi qishloq xo‘jaligi, 4 tasi xalq ta’limi, 4 tasi qurilish, 3 tasi kommunal xizmat (elektr, gaz, suv) va 26 tasi yoki 28,5 foizi esa bevosita sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Pora olish jinoyatlari bo‘yicha 500 ming AQSh dollari va 113,7 mln. so‘m pora olingan bo‘lib, 62 ta holatda (o‘rtacha 8 065 AQSh dollari) AQSh dollarida, 29 ta holatda (o‘rtacha 3,92 mln so‘m) so‘mda olingan.

Eng ko‘p pora miqdori 200 ming dollarni, eng kam pora miqdori 50 dollarni tashkil etgan.

Codir etilgan 91 ta pora olish jinoyatlarining 75 tasi tezkor tadbir 16 tasi tergovga qadar tekshirish davomida fosh etilgan bo‘lib, pora predmeti bo‘lgan pullar 5 ta holatda vositachilar va 86 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mansabdor shaxslar tomonidan olingan.

91 ta jinoyatchidan 20 tasi ishga qabul qilishda pora olgan bo‘lsa, 8 tasi ma’muriy chora ko‘rmaslik evaziga pul olgan. 6 tasi yer ajratish, 4 tasi qurilishga ruxsat berish, 3 tasi yerdan ijara asosida foydalanishga ruxsat berish, 3 tasi avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish, 2 tasi postdan ruxsatnomasiz o‘tkazishga ruxsat berish, 2 tasi pensiya tayinlash, 2 tasi davlat xaridlari bo‘yicha shartnoma imzolash uchun ulush talab qilish, 2 tasi chegaradan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, qolgan 39 ta holatda jinoyatlar boshqa vakolatlardan foydalanish asosida sodir etilgan.

22 foiz pora olish jinoyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgan bo‘lib, ularning 15 tasi texnik va ijrochi xodimlarni ta’lim (11 tasi Maktabgacha ta’lim, 4 tasi Xalq ta’limi) muassasalariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq.