Meksikaning Leon shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 10 ta medal sohibiga aylandi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

-102 kg vazn toifasida bahs olib borgan Qudratbek Salimjonov 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 156 kg, siltab ko‘tarishda 171 kg, jami bo‘lib 327 kg natijani qayd etdi. Bellashuvda oltin medallar qozog‘istonlik Nikita Abdrahmanovga nasib qildi.

  1. Nikita Abdrahmanov (Qozog‘iston) — 348 (157+191) kg;
  2. Qudratbek Salimjonov (O‘zbekiston) — 327 (156+171) kg;
  3. Boqi Qiymet (Turkiya) — 295 (132+163) kg.

Bundan avval, -76 kg vazn toifasida ishtirok etgan atlet Nigora Suvonova ham 3 ta kumush medalga ega chiqqandi. -96 kg vazn toifasidagi bahslarda bellashgan Abrorbek Ma’rufbekov esa 133 kg natija bilan dast ko‘tarish mashqida bronza medaliga sazovor bo‘lgandi. Shuningdek, Diyorbek Ermatov ham ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekistonliklar 10 ta medal bilan bilan musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Unda 4 ta nafar sportchi bilan qatnashgan jamoa 8 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqdi.