Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova farzandlarini zo‘ravonlik bilan «tarbiyalaydigan» ota-onalardan olib qo‘yish taklifini bildirdi.

Bunga Samarqand viloyatidagi shifoxonalardan birida ayol 1,5 yoshlar atrofidagi farzandini uxlamagani uchun qattiq siltab, bir necha bor kaltaklagani sabab bo‘ldi.

«Bu bizga ma’lum bo‘lgan holatlardan biri xalos. Lekin, to‘rt devor orasida yashirincha sodir bo‘layotgan holatlar ham bor ekanini barchamiz bilamiz. Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab, bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlariga qo‘l siltab, „menga nima“ qabilida ish ko‘radiganlar ham yo‘q emas», — dedi u.

Bola ombudsmani Samarqanddagi holatda palatada ona boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bo‘lganini ta’kidlab, «ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi?» degan savol bilan yuzlandi. «Nega darhol bolani ona qo‘lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?», — dedi u.

Ma’lumot o‘rnida, YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan oltitasi har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi. Har 5 daqiqada bir bola zo‘ravonlikdan vafot etadi.

Vakil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 10−11 moddalariga muvofiq, davlat bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilishini eslatib o‘tdi.

«Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi. Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molchilikdan himoyalanish huquqiga ega», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari shart.

«Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart», — dedi u.

«Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar bo‘lishiga qaramay bolalar baribir aziyat chekishyapti, — dedi Bola ombudsmani. — «Ota-onalar»ning zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yishi, farzandiga nisbatan qo‘pol va shafqatsiz muomala qilishlari — kechirib bo‘lmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan mas’uliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur».

«Aks xolda davlat bolalarni zo‘ravonlik va kuch bilan „tarbiyalaydigan“ ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni to‘g‘ri deb hisoblaydi», — dedi Aliya Yunusova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar oxir oqibat jamiyatimiz ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini va bu aslo qabul qilinmasligini e’lon qilishi kerak.

«Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Shunday holatga duch keldingizmi darhol chora ko‘ring. Jamoatchilik nazoratining kuchi faqat ijtimoiy tarmoqlarga tarqatiladigan videolardan keyingina ishlashi kerak emas», — deya mas’uliyatliroq bo‘lishga chaqirdi Bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Bola ombudsmani Aliya Yunusova avval ham «bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishni» so‘rab chiqqandi. «Biz jamiyat sifatida bu haqiqatni qabul qilmasligimiz kerak. Bolalarni shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim», — degandi u.