Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida chang-to‘zon kuzatiladi, deb ogohlantirmoqda O‘zgidromet.

18−21 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 18−23 m/s yetrgacha kuchayishi, 20−21 iyunda shamol 23−28 metrgacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, 18−19 iyunda Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

«20−22 iyunda respublika hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin», — deyiladi xabarda.

18−22 iyun kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

O‘zgidromet tog‘ oldi va tog‘li xududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.