Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridan Toshkent viloyatidagi Xojikent, Bekobod va Angren yo‘nalishlariga zamonaviy tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasini qo‘ydi. Bu haqida davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

13 iyun prezident huzuridagi taqdimotda ta’kidlanganidek, har kuni Toshkent viloyatidan poytaxtga 1 milliondan ortiq yo‘lovchi oqimi kirib keladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi shahar atrofidagi elektropoyezdlar parki eskirgan va yo‘lovchilar oqimiga bardosh bera olmaydi. Uning taqdimoti «O‘zbekiston 24» telekanali tomonidan namoyish etildi.


Vazir elektropoyezdlarning harakat tezligi pastligi, vokzallar va jamoat transporti o‘rtasi o‘zaro bog‘lanmaganligi, xizmat ko‘rsatish darajasi pastligi, tariflarni erkin boshqarish imkoniyati yo‘qligi va shahar chetidagi poyezdlarda chiptalarni onlayn xarid qilish imkoniyati mavjud emasligini ta’kidladi.

Slaydda Siemens kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Velaro oilasiga mansub «Sapsan» nomli tezyurar elektropoyezd suratini ko‘rish mumkin. Ushbu modeldagi poyezdlarni sotib olish rejalashtirilmoqdami yoki yo‘qmi hozircha noma’lum.

«Gazeta.uz» yuqori talablarga qaramasdan hali ham yaxshi rivojlanmagan shahar atrofidagi temir yo‘l qatnovlari haqidagi reportajni e’lon qilgandi.