O‘zbekiston Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi bilan atom elektr stansiyasini (AES) qurish xarajatlarini optimallashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Atom elektr stansiyalari qurilishiga kelsak. Biz yana bu qanchalik iqtisodiy maqsadga muvofiqligi haqidagi savolga qaytamiz. Bir tomondan, loyiha qazib olinadigan yoqilg‘iga muhtojlikni kamaytirishi bilan juda ahamiyatli. Quyosh va shamol energiyasidan farqli o‘laroq, u [elektr energiyasini] barqaror ishlab chiqarish uchun ancha yuqori kafolatlar beradi. Boshqa tomondan, shuni ta’kidlash kerakki, sof iqtisodiy jihatdan bu loyiha gerenatsiyaning boshqa turlariga birmuncha yutqazadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston tomoni pirovardida mahsulot birligi tannarxini pasaytirish uchun AES qurilishi narxini qanchalik kamaytirish mumkinligini muhokama qilmoqda.

«Ya’ni, oddiy qilib aytganda — bu AESda ishlab chiqarilgan energiya bizga qanchaga tushadi? Boshqa manbalarga nisbatan raqobatbardosh bo‘ladimi? Iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lmasa — ma’no yo‘q. Agar yo‘q bo‘lsa, unda xulosa aniq. Ha bo‘lsa, biz buni amalga oshirishimiz kerak», — dedi u.

Sherzod Xodjayev boshidanoq «Rosatom» korporatsiyasi ushbu loyiha bo‘yicha O‘zbekistonning istiqbolli strategik hamkori sifatida tanlanganini, u bilan bir qator izlanish va loyihalar olib borilganini ta’kidladi. Xususan, potensial maydon aniqlangan, ammo «ayrim masalalar mavjud».

«Maydoncha tanlangan, stansiyaning texnologiyasi tanlangan, mana shu texnologiyani shu maydonga moslashtirish jarayonida kelib chiqqan qiymati bor. Qiymat bo‘yicha biz hozircha kelishuvga ega emasmiz. Chunki bizning nazarimizda bu juda qimmat. Loyihaning qiymatini optimallashtirish kerak. Bu aniq», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston «Rosatom» bilan loyiha qiymatini optimallashtirish masalasida hamkorlikni davom ettirmoqda, ya’ni «bu hamkorlik to‘xtab qolmadi».

Sherzod Xodjayev AES qurish istagida bo‘lganlar ko‘pligini, biroq hamkor tanlashda nafaqat stansiya qurish omilini, balki uning 50−60 yil ishlashini shuningdek, foydalanishdan chiqarilishini ham hisobga olish zarurligini qayd etdi.

«O‘zbekiston logistika borasida ancha jiddiy muammolarga duch kelgan, ya’ni logistika bo‘yicha bizda ma’lum cheklovlar mavjud bo‘lgan davlat sifatida shu omilni hisobga olishi kerak. Bunday stansiya qurmoqchi bo‘lganlar ko‘p. Ammo, agar 50−60 yillik istiqbolga nazar tashlasangiz, stansiyani qanday yoqilg‘i bilan ta’minlash, [reaktiv] chiqindilarni qanday yo‘q qilish haqida o‘ylash kerak», — dedi u.

O‘zbekistonda AES

O‘zbekistonda 2019−2029 yillarda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, atom elektr stansiyalari qurilishini boshlash 2022 yilga mo‘ljallangan. Stansiya O‘zbekiston davlat budjeti va Rossiya davlat krediti hisobidan quriladi.

Loyiha Jizzax viloyatida quvvati 1,2 GVt/soat bo‘lgan VVER-1200 tipidagi bosimli suv-suvli reaktorlariga ega atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Uni qurishda Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi ishtirok etadi.

«O‘zatom» bosh direktori Jo‘rabek Mirzamaxmudov 2028 yil dekabr oyida stansiyaning birinchi energoblokini, 2030 yil iyun oyida ikkinchi blokni ishga tushirish rejalashtirilganini ta’kidladi.

2019 yil oktabr oyida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya 2019 yil oxirigacha O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha asosiy shartnomani imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Biroq hozircha hujjat imzolangani haqida xabarlar yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 19 noyabr kuni Rossiyaga bir kunlik tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy va biologik xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan edi.

O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Tashqi ishlar vazirligining o‘sha paytdagi rahbari Abdulaziz Komilov O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi. «Biz nafaqat O‘zbekiston, balki mamlakatimiz bilan chegaradosh qo‘shni davlatlar jamoatchiligining ham bu masalaga munosabatini o‘rganamiz», degan edi u.