O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari talabalarining yotoqxona bilan ta’minlanganlik darajasi 2021 yili 41 foizgacha yetkazildi. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov seshanba kuni Oliy Majlis palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.

«Yotoqxona bilan ta’minlanganlik 28% bo‘lib turgan bir vaqtda talabalar soni uch barobar ko‘paydi. Bundan muammoning o‘zi 3 barobarga ko‘paydi, deyish mumkin», — dedi Abduqodir Toshqulov.

2020 yilda yotoqxonaga muhtoj talabalarning atigi 28 foizi joy bilan ta’minlangan, 149 ming nafar talabaning yotoqxona bo‘lgan ehtiyoj qondirilmagan.

Turar joyni optimallashtirish va ikki qavatli karavot sotib olish orqali o‘tgan yili 228 ta yotoqxonadagi mavjud 60 mingga yaqin o‘ringa qo‘shimcha ravishda 20 mingta o‘rinlar yaratildi, dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, Oliy ta’lim vazirligi yotoqxonalar fondi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazgan va ko‘p hollarda ular shiftlari past bo‘lgan eski binolar ekanligi aniqlangan. Ikki qavatli karavotlarni o‘rnatish xonaning xususiyatlari, ulardagi havoni ventilyatsiya qilish masalalari va binolardagi boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda amalga oshirilgan.

«Agar yotoqxonada bitta joy qurish 54 mln so‘m bo‘lsa, ikki qavatli karavot o‘rnatish bilan mavjud binoda bir joy tashkil qilish uchun bor-yo‘g‘i 3,5 mln so‘m kerak bo‘ladi», — deya hisob-kitoblarni keltirib o‘tdi Abduqodir Toshqulov.

Vazirning ma’lum qilishicha, OO‘MTV hamda OTMlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan hamda Davlat-xususiy sheriklik va ijara asosida 11,4 mingga yaqin qo‘shimcha o‘rinlar talabalar uchun tashkil etildi.

Shuningdek, u yotoqxona nafaqat uxlash joyi, balki o‘quv zali, dam olish maskani, sport maydonchasi va boshqalardan ham iborat ekanligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda talabalar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanmaganini tanqid qilgan edi. Qolaversa, ijarada turuvchi talabalarga subsidiya berish uchun rektorlarga o‘tgan 2 oyda 24 mlrd so‘m berilgani, biroq, atigi 5 mlrd so‘m ishlatilgani aytildi. «Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilda 2020−2021 o‘quv yili boshida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari soni 127 tani tashkil etgani, ularning 88 tasida talabalar uchun yotoqxonalar mavjudligini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Eng ko‘p yotoqxona Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, jami 31 tani tashkil qiladi.