Fond birja ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlar Dilmurod Parpiyev va Toxir Sharipov «Trastbank»ning qo‘shimcha aksiyalar paketini sotib olishgan.

Birjadan tashqari bitimlar 23 may kuni ro‘yxatga olindi — aksiyadorlar aksiyalarning 8,31 foizini sotib oldi. Shu kuni O‘zbekiston Moliya vazirligi birjadan tashqari bozorda «Trastbank» aksiyalari bilan 231,5 mlrd so‘mlik bitimlar tuzilganini e’lon qildi.

Savdodan so‘ng Dilmurod Parpiyev 130 396 509 dona, Toxir Sharipov 130 396 507 dona aksiya egasi bo‘ldi. Hozirda ularda aksiyalarning 23,27% mavjud.

28 aprel kuni «Trastbank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan bozor qiymati bo‘yicha ommaviy taklif qilinadigan 200 mlrd so‘mlik oddiy aksiyalarning qo‘shimcha chiqarilishi ro‘yxatga olindi. Shunday qilib, bank ustav kapitalini 35,7 foizga oshirdi.

Bank aksiyadorlari aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqqa ega.

«KorpInfo» ma’lumotlariga ko‘ra, 24 maydagi oxirgi birja bitimi vaqtida «Trastbank» aksiyalarining narxi 9950 so‘m, nominal qiymati 1000 so‘mni tashkil qilgan. Bir kun avval bitim har bir aksiya uchun 11 199 so‘mdan tuzilgan edi.

26 may kuni Moliya vazirligi «Trastbank» aksiyalari bilan 78,2 mlrd so‘mga navbatdagi birjadan tashqari bitimlar haqida xabar berdi.

2021 yilda bankning sof foydasi 44,3 foizga oshib, 433,8 milliard so‘mni tashkil qildi.

Qo‘shma loyihalar

«Gazeta.uz» avvalroq Dilmurodjon Botirovich Parpiyev (familiyasi va otasining ismi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining sobiq rahbari Botir Parpiyevning ismi va familiyasiga to‘g‘ri keladi) hamda Toxir Mirahimovich Sharipov bir qancha loyihalarda ulushga ega ekani haqida xabar bergan edi.

Xususan, Procab kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona Inter Alltech Limited Kompaniyasi`ning 47,8 foiz ulushi ularga tegishli (internetda qidiruv Rossiyaning «Alltek» kompaniyalar guruhiga olib keladi) — Dilmurod Parpiyev (26,1 foiz) va Toxir Sharipov (26,1 foiz).

O‘z navbatida, Procab (60,7%) va «Trastbank»ning Trast Leasing kompaniyasi (26%) poytaxtning «Qo‘yliq» bozorini ko‘chirish rejalashtirilgan Food City Tashkent savdo majmuasi ta’sischilari sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, Dilmurod Parpiyev va Toxir Sharipov teng ulushlarda (har biri 50%) Inco-Construction (Inco kompaniyalar guruhi), Pro Plast Group (qurilish plastmassa buyumlari ishlab chiqarish), Alutex (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish), Inco Invest (noturar joy ijarasi va boshqaruvi), Furnir (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish) va Presystem Universal (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish), har biri 40%dan Mega Trade Communication (turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga olish va boshqarish) va Garden View (turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga olish va boshqarish) kompaniyalariga egalik qilishadi.