Afg‘onistonning Energetika va suv vazirligi O‘zbekiston va Tojikistondan import qilinadigan elektr energiyasi uchun 100 mln dollardan ortiq qarzi borligini ma’lum qildi, deb yozadi TOLOnews nashri.

Vazirlik matbuot kotibi Axtar Muhammad Nusratning aytishicha, hozirda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston banklari pul o‘tkazishda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, bu esa Afg‘oniston Milliy elektr kompaniyasiga (Da Afghanistan Breshna Sherkat — qisqacha DABS) qarzlarini to‘lashiga to‘sqinlik qilmoqda. Uning ma’lum qilishicha, Energetika va suv vazirligi elektr energiyasi uchun pul to‘lashga harakat qilmoqda.

«O‘zbekistonning o‘z muammolari bor, biz to‘lamoqchimiz, lekin muammo banklarda», — dedi Axtar Muhammad Nusrat.

Ayni paytda, DABS’sining sobiq rahbari Omonulla G‘olibning aytishicha, Afg‘oniston Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, O‘zbekistonga elektr energiyasi sotib olish uchun yiliga 300 mln dollarga yaqin pul to‘laydi. «Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini O‘zbekistondan sotib oladi. Yiliga taxminan 108 mln dollarga. Endi muammo hisob-kitoblarni to‘lashda», deydi u. Omonulla G‘olib, shuningdek, Ukrainadagi vaziyat qo‘shni davlatlarning bank faoliyatini murakkablashtirganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Afg‘oniston tomoni 2021 yildagi elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq to‘lagan. Markaziy bank hozircha tahririyat so‘roviga javob bermadi.

Oktabr oyida Afg‘onistonning qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi uchun 62 million dollar qarzi borligi xabar qilingan edi. DABS rasmiylari BTMning Afg‘onistonga yordam missiyasidan (UNAMA) qarzni to‘lash uchun 90 million dollar ajratishni so‘rashganini aytdi. Shu bilan birga, agar mablag‘ olinmasa, kompaniya hisob-kitoblarini to‘lamagan fuqarolardan qarzdorlikni undirishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Biroq o‘sha oyda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzakov Afg‘oniston muvaqqat hukumati elektr energiyasi bo‘yicha qarzini to‘liq qoplash majburiyatini olgani va O‘zbekiston «bir soat ham» Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmaganini ma’lum qildi.

Joriy yilning yanvar oyida esa, O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari (MET) va DABS 2022 yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Afg‘onistonga yil davomida 100 mln dollarlik 2 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkaziladi.