Qozog‘istonning Jambil viloyati Jualin tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar berdi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidentining tezkor topshiriqlariga asosan Hukumat qarori bilan FVV Azizbek Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh 13 may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib bordi.


Qozog‘istonning mas’ul idoralari rahbarlari bilan hamkorlikda tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Jabrlanganlar soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14 may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi «G‘ishtko‘prik» bojxona maskaniga yetib keldi.

«Do‘st Qozog‘iston mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishdi», — deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili — Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.


Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirildi, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berildi.

Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.

Avvalroq xabar berganimizdek, O‘zbekiston avtobusi salonida 53 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, TIV ma’lumotiga ko‘ra shundan 47 nafari o‘zbekistonliklarni tashkil qilgan. Avariya oqibatida haydovchi yordamchisi va bir nafar yo‘lovchi vafot etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ob-havo sharoitining yomonlashishi natijasida avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan.