Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Tilo Klinner Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki oy avval Volkswagen konserni delegatsiyasi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgan.

«Buning uchun bizga bozorda dastlabki shart-sharoitlar kerak. Ulardan biri, masalan — hozirga qadar O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ma’muriy ko‘rsatmalar himoyasida edi va germaniyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi sarmoyalar kiritish imkoniyatlari yetarli darajada qiyin bo‘lgan. Bu o‘zgarishi kerak. Va bu o‘zgarish amalga oshgan payt nemis ishlab chiqaruvchilari bu yerda faol ish boshlashga tayyor bo‘ladi», — dedi diplomatik missiya rahbari.

UzAuto motors monopoliyasi haqidagi savolga javob berar ekan, Tilo Klinner hukumat ushbu kompaniyaning bozordagi monopol mavqeini 2025 yilgacha bekor qilish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

«2025 yilgacha bu bekor qilinishi kerakligi e’lon qilindi. Va biz bunga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Agarda bu haqiqatan ham sodir bo‘lsa, men bu bozorda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdaman», — dedi u.

Diplomatning ta’kidlashicha, Germaniya elchixonasi «shartlar bajarilgan taqdirdagina» nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga sarmoya kiritishi tarafdori bo‘ladi.

«Elchixona sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan korxonaga buyruq bera olmaydi. Birinchi navbatda korxonada sarmoya kiritishga xohish bo‘lishi kerak va shundagina biz ushbu korxonani qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuning o‘zi bizni iqtisodning markazlashgan boshqaruvlaridan, masalan, xitoyliklardan ajratib turadi… Biz buni qila olmaymiz va buni qilishni ham xohlamaymiz», — dedi Tilo Klinner.

Fevral oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtomobillar importiga boj to‘lovlarini kamaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Bojlar darhol emas, balki ikki bosqichda — 2023 yil 1 yanvargacha va 2023 yil yanvaridan boshlab pasayadi. Prezident, shuningdek, avtomashinalar importiga bojxona to‘lovlari bosqichma-bosqich «nol bo‘lishi» kerakligini ham ta’kidlagandi.

2020 yilning yozida Jizzax avtomobil zavodi negizida Volkswagen, kuzda esa Škoda (1991 yildan Volkswagen guruhi tarkibiga kiruvchi) tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish boshlandi.

Video