Oliy Majlis Senatida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan beodob harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu qaror 26 aprel kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida o‘tkazilgan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yig‘ilishda qabul qilindi.

Ishchi guruh zimmasiga huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, keyinchalik parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Uni amalga oshirishga ixtisoslashgan faoliyat bilan shug‘ullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va mustaqil ekspertlarni jalb etish rejalashtirilgan.

«Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik va shilqimlik holatlari hali ham uchrab turibdi. Bu amaldagi qonunchilik va huquqni qo‘llash normalarini puxta ko‘rib chiqishni, ularni mavjud voqelikka moslashtirishni talab qiladi», — deyiladi xabarda.

Senat nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislarni ishchi guruh faoliyatida faol ishtirok etishga chaqirdi. Bu bo‘yicha (senat14@exat.uz, qonunchilik@senat.go.uz) manzili orqali bog‘lanish mumkin.