Dam olish kunlari yog‘ingarchilik bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Bugun, 22 aprel kuni respublikada iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi havo harorati +25…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

Shanba kuni O‘zbekistonning katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda Volga bo‘yi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo kirib kelishi hisobiga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Yakshanba kuni nam havo massasi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Ko‘pchilik viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli bo‘ladi. Havo harorati biroz pasayadi va kunduzi +20…+25 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kuzatiladi.

Shuningdek, 25 aprel dushanba kuni ham O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi. O‘zgidromet 24−25 aprelda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi xavfi mavjudligini ma’lum qildi.