O‘zbekiston so‘nggi yillarda Rossiyadan katta miqdorda kredit resurslarini jalb qildi. Asosan hozirda sanksiyaga tushgan banklardan — Gazprombank, VTB, VEB va boshqalar. Bu banklar yirik iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirishi lozimligini hisobga olib, O‘zbekiston sanksiyalar tufayli bu mablag‘lardan mahrum bo‘lishi xavfi yuzaga kelmoqda.

Markaziy bank «Gazeta.uz»ning so‘roviga javob berar ekan, tijorat banklarining xorijiy banklar oldidagi jami majburiyatlari tarkibida qattiq sanksiyalarga tushgan banklardan jalb qilingan moliyaviy resurslar ulushi yuqori emasligini ma’lum qildi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy banklar tomonidan qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan jalb qilingan majburiyatlarini o‘z vaqtida va ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalari jalb qilingan.

«Har bir tranzaksiya yuridik kompaniyalar xulosasi asosida amalga oshirish choralari ko‘rildi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida yirik iqtisodiy loyihalarni uzluksiz moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya bozorlaridan muammosiz resurslar jalb etish imkoniyatini yaratmoqda», — deyiladi xabarda.

Rossiya kreditlari

«Gazprombank» 2021 yilda bank O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan bir qancha kredit shartnomalarini tuzdi. Masalan, Samarqand kimyo zavodi egasiga ikkita loyiha uchun 750 mln dollar, «O‘ztransgaz»ga esa 300 mln dollar berish niyatida. Bundan tashqari, «Gazprombank» Buxoro viloyatida yangi gaz-kimyo majmuasi qurilishi uchun Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) kompaniyasiga 800 mln dollar ajratadigan konsorsiumga kirdi. Bungacha bank Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi loyihasini amalga oshirish uchun 120 mln dollar miqdorida kredit ajratgan, shuningdek, Samarqand aeroportini modernizatsiya qilishni moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirgan edi.

VTB Navoiy kon-metallurgiya kombinati investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun 1 mlrd dollar ajratishni rejalashtirgan.

Rossiyaning VEB.RF davlat korporatsiyasi 2019−2022-yillarda O‘zbekistonga Rossiyaning yuqori texnologiyali mahsulotlarini yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash uchun 174 mln yevro ajratishni rejalashtirgan edi. VEB.RF, shuningdek, «O‘zbekneftgaz»ga 650 mln dollarlik kredit liniyasi ochdi. Bundan tashqari, korporatsiya OKMK tarkibida misni qayta ishlash zavodini qurish uchun davlat kafolati va vasiyligisiz 712 mln yevro miqdorida kredit ajratdi.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekiston banklari o‘z mijozlariga pul mablag‘larining istalmagan tarzda blokirovka qilinishining oldini olish maqsadida Rossiya banklarining sanksiyalar ostida qolgan xorijiy hamkorlari bilan xalqaro hisob-kitoblarni boshqalarga o‘tkazishni tavsiya qilgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainadagi urush fonida G‘arb davlatlari Rossiya banklariga nisbatan sanksiyalar joriy qila boshlagan edi.

«Vedomosti»ning ekspertlarga tayanib yozishicha, SDN ro‘yxati («qora ro‘yxat») dagi banklar barcha xalqaro munosabatlardan uzib qo‘yilgan, sababi AQShning CAATCA («Amerikaning dushmanlariga sanksiyalar vositasida qarshi turish to‘g‘risida») qonuniga ko‘ra, dunyodagi har qanday bank SDN ro‘yxatidagi bank bilan yirik bitim tuzgan taqdirda, uning o‘zi ikkinchi darajali sanksiyalar ostida qoladi.

Bu risk hozircha nazariy, hozirgacha bunday pretsedentlar kuzatilmagan. Biroq AQSh allaqachon butun dunyo bo‘ylab Rossiyaning sanksiyaga uchragan subyektlariga ko‘rsatilgan yordamlar ustidan monitoringni kuchaytirishini e’lon qildi, bu esa ikkilamchi sanksiyalar xavfi yanada jiddiyroq ekanidan dalolat beradi.