13 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani «Nurli kelajak» mahallasida yashovchi ayollar buloq suvini talashayotgani akst etgan video tarqaldi. Unda ayollar farzandlari uyida bir necha kundan beri suvsiz o‘tirishganini aytadi. Video tasvirga olish paytida navbatda turgan ayollar bir paqir suv olish uchun urishib ketishganini ko‘rish mumkin.

Ushbu vaziyat yuzasidan 21 aprel kuni Dehqonobod hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea tasvirga olingan joydagi vaziyat 19 aprel kuni tuman hokimi o‘rinbosari Sherdil Ergashev hamda «Qashqadaryo suv ta’minoti» MCHJning tuman bo‘limi boshlig‘i Suyun Allanazarov ishtirokida o‘rganilgan. Aholiga 2022 yil yakuniga qadar Oqsuv suvi tortib kelinishini, Doqqi-Boyqo‘rg‘on suv quvuri ta’mirlanishini ma’lum qilgan.

«Gazeta.uz» aholi muammosining kelib chiqish sababi va ayni paytda ushbu muammo qanday hal qilinayotgani bilan qiziqdi va Dehqonobod hokimligi matbuot kotibi Otabek Qo‘ldoshev bilan bog‘landi.

Hokimlik vakilining aniqlik kiritishicha, «Nurli kelajak» MFYda 2 mingga yaqin fuqaro yashaydi. U yerda uchta qishloq bor — Dusha, Galabuloq va Obiravon. So‘nggi ikkita qishloqning o‘zida suv xovuzlari bor. Videoda tasvirlangan vaziyat Dusha qishlog‘ida sodir bo‘lgan bo‘lib, ushbu buloqdan 143 ta xonadon suv ichadi. Ushbu xonadonlarda 800 nafarga yaqin aholi yashaydi.

«Bu muammo yil oxirigacha hal bo‘lmaydi»

«Aholining suv muammosi, baribir, 2022 yilning yakuniga qolgan. Chunki mablag‘ masalasi — asosiy masala. Mablag‘ bo‘lmasa, shu kechayu kunduzda hal qilib beramiz, deb aytilgani bilan, va’da bajarilmasligi mumkin. 2022 yilning yakunida bu bajarilishi mumkin», — dedi Otabek Qo‘ldoshev.

Hokimlik vakilining ta’kidlashicha, Qashqadaryo viloyatida 2018 yildan beri «Oqsuv-Dehqonobod» suv quvuri loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, hududdagi 310 km ichki suv tarmoqlari, 2 ta 500 m kublik suv saqlash hovuzi, 16 ta suv taqsimlash inshooti qurish belgilangan. Natijada Dehqonobod tumanining 78 foizi yoki 116 ta qishloqdagi 112,8 mingdan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Loyihaga jami 268,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. 2021 yilning mayiga qadar tog‘dan 78,8 km ichimlik suv quvuri tortib kelingan. Bu loyihaning birinchi bosqichi hisoblanadi. Loyihaning ikkinchi bosqichi, ya’ni mahallalarga suv ta’minotini yetkazish — ikkinchi bosqich bo‘lib, u 2022 yilning yakunicha amalga oshiriladi.

Videoda ko‘rsatilgan muammo avvaldan ham ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan

«O‘tgan yili Dehqonobodda „Oqsuv“ loyihasi ishga tushishdan avval xatto tuman markazida ham suv katta muammo bo‘lib qoldi. Chunki Dehqonobodda eski quduqlar, buloqlar bo‘lgan, qurg‘oqchilik kelgani sababli suv bo‘lmay, buloqlar qurib qoldi. Qarshi shahridan poyezd vagonlarida suvlar keltirilgan holatlar ham bo‘ldi. Dehqonobodning o‘ziga olib kelinib, o‘sha joyning o‘zida tarqatilib, tuman markazi aholisiga ham, hududlarga ham suvlar yetkazildi», — deydi Otabek Qo‘ldoshev.

«Bu masala o‘tgan yili ham, ikki oy oldin ham «Feysbuk»da ko‘tarilgan. O‘tgan yili ham 2022 yil yakunida suv masalasi hal qilinishi aytilgan», — deydi matbuot kotibi.

Uning ta’kidlashicha, bu yil yana bahor mavsumida yetarli darajada yog‘ingarchilik bo‘lmagani sababli tog‘lardagi buloqlar quriy boshlagan.

Matbuot kotibi murojaatlarga qarab aholiga Suv ta’minoti bo‘limining vakillari 50−60 ming so‘mdan avtomashinada yetkazib berishi mumkinligini aytdi.

«Bu xizmat pulli bo‘ladi. «Oqsuv»ning belgilangan hovuzlaridan olib borib beriladi. Loyiha ishga tushmasa, aynan dasturda ko‘zda tutilgan ishlar amalga oshirilmasa, aholining suv borasidagi muammosi baribir yechilmaydi. Ularga, baribir, tekinga suv yetkazilmaydi», — dedi Otabek Qo‘ldoshev.