Bir kun avval, 20 aprel kuni Jizzax viloyatida bedarak yo‘qolgan deb topilgan erkakning suvga cho‘kib ketgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida uning jasadi topildi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, 20 aprel kuni soat 15:00 atrofida Forish tumanidagi Egizbuloq mahallasida Nurota tog‘ tizmasi tomondan sel kelgan. Bunga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan.


Avvalroq to‘rt kishi halok bo‘lgani, olti kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar olgani haqida xabar berilgan edi. Suv toshqini 53 ta uy va ularning xo‘jalik inshootlariga ham zarar yetkazgan.

Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan hududda tezkor shtab tashkil etilib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlari ketyapti.

Mudofaa vazirligidan ma’lum qilishicha, yaqin atrofdagi harbiy qism xizmatchilari tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda jabrlangan Egizbuloq mahallasidagi aholiga yordam bermoqda.

Avvalroq, Jizzax va Samarqanddagi kuchli sel oqibatida 260 ta xo‘jalik talofat ko‘rgani, 6 ta maktab, 2 ta MTMga suv kirib, 6 kishi qutqarilgani xabar qilingandi.