Vazirlar Mahkamasining 14 apreldagi qarori (183-son) bilan Davlat yer va kadastr nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, yer qonunchiligi buzilishiga oid holatlar kuzatilsa, uning nazoratini hokimliklar, Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya qo‘mitasi o‘tkazadi. Kadastr nazoratini esa Kadastr agentligi olib boradi.

Yer nazorati quyidagi asoslarga ko‘ra 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi:

  • yer monitoringida qonunchilik buzilishi kuzatilganda;
  • ️elektron tizim orqali va aerokosmik suratlarni solishtirishda qonun buzilishi qayd etilganda;
  • ️yer qonunchiligi buzilishiga oid murojaatlarga ko‘ra;
  • ️OAV yoki ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asosida;
  • sud va boshqa organlarga yerga oid huquqbuzarlik haqida axborot kelib tushganida.

Kadastr nazorati bo‘yicha mas’ul organlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan kadastrga oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi va Davlat kadastrlari yagona tizimiga axborot kiritadi.

Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish haqida xabar berganlar BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi.