«Baribir Ukraina oldindan, eskitdan Rossiyaning yeri». «Ukrainaning qilayotgan ishiga qo‘shilmayman, Rossiyanikini to‘g‘ri deb bilaman». «Biz ham Rossiyaga bo‘ysunamiz». «U yerda odamlar halok bo‘layotgandi, shuning uchun ham hammasi boshlanib ketdi». «Rossiya o‘zi chiqargan xabarlarda Ukrainada tinch aholiga hujum qilinmayotganligini aytishgan o‘zlari». «Zelenskiy xalqdan foydalanyapti». «Buchada bo‘lgan narsa sahnalashtirilgan edi».

BBC o‘zbek xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rovning natijalarini, ehtimol, oldindan bashorat qilsa bo‘lardi. Turli sabablarga ko‘ra — xorijiy tillarni bilmaslik, muqobil axborot manbalarini qidirishni xohlamaslik (agar xohish bo‘lsa rus yoki o‘zbek tillarida ham topsa bo‘ladi), tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari bilan muammolar — ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar, shu jumladan Rossiyaning Ukrainaga bosqini — yoki Rossiyada aytiladiganidek «denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya» — haqidagi xabarlarning asosiy, va ehtimol yagona manbasi Rossiya davlat telekanallari bo‘lib qolmoqda.

Ular bo‘lsa memga aylangan «chormixga tortilgan bolakay» syujeti an’analariga rioya qilgan holda Ukraina Rossiya serialini suratga olish uchun mo‘ljallangan manekenlardan jasadlar sifatida foydalanilayotgani, 10 yil oldin yo‘q qilingan zavod omborxonasini minalayotganligi, yuqumli kasallikni tarqatish uchun ko‘chmanchi qushlardan foydalanishni rejalashtirayotganligi va hattoki «slavyanlarni o‘ldiradigan genetik qurolni» (bunda ukrainlar ham xuddi ruslarga o‘xshagan slavyanlar ekanligini yoddan chiqarib) ishlab chiqayotganligiga ishontirmoqchi bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, «denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya bilan faqat Ukraina bilan cheklanib qolmasligini» taklif qilishmoqda hamda O‘zbekiston OAVlari va blogerlarini tanqid ostiga olishmoqda.

Qanday qilib hamyurtlarimizning ongiga o‘nlab kanallarga va 500 mlrd so‘mdan ortiq budjetga ega Milliy teleradiokompaniya (MTRK) emas, xorijiy mamlakat telekanallari ta’sir qilmoqda? Nima uchun «aholiga obyektiv va ishonchli xabar yetkazish, O‘zbekiston mediamakonini sifatli axborot-tahlil mahsulotlari bilan boyitish, siyosat, xavfsizlik, iqtisod, madaniyat, ilm-fan va sport, shuningdek boshqa davlatlardagi muhim voqealarni tezkorlik bilan yoritish» maqsadlarida tashkil etilgan mamlakatning asosiy axborot kanali Rossiya federal kanallariga ommaboplikda yutqazmoqda, tomoshabinlar esa mahalliy televideniyeda joylardagi haqiqiy muammolar haqida reportajlar va ijtimoiy-siyosiy teleko‘rsatuvlar yetishmaydi, deb hisoblashadi?

O‘zbekiston televideniyesidagi asosiy axborot-tahlil dasturi bo‘lmish «Tahlilnoma» ko‘rsatuvining 10 aprel kuni efirga uzatilgan sonini tahlil qilsak. Qariyb ikki soat davom etgan dastur Navoiy viloyatida yangi konlar ochilganligi haqidagi xabardan boshlanadi. Boshlovchi esa bu «prezident tomonidan geologiya sohasini rivojlantirish, zavolga yuz tutayotgan sohani qayta oyoqqa qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlarning natijasi» ekanligini eslatib o‘tadi. Dastur davomida o‘tgan hafta voqealari xronologiyasi beriladi: qo‘shni mamlakatlar prezidentlari bilan telefon muloqotlari, loyihalar taqdimotlari va obyektlarning ko‘zdan kechirilganligi, selektor yig‘ilishlari.

Keyin esa MTRK versiyasiga ko‘ra, o‘tgan haftaning eng asosiy xabarlari boshlanadi. Masalan, prezidentning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi buyuk ajdodlar haqidagi tarixiy «ekskurs»dan boshlanadi. Umuman olganda, axborot va tahlil uchun to‘g‘ri kelmaydigan «badiiy-pafosli» uslub yurtimizdagi davlat OAVlari jurnalistlarining sevimli uslubidek tuyuladi.

Haftaning asosiy dasturida boshqa muhim yangiliklar uchun efir vaqti yetmadi. Ukrainadagi voqealar tahlili, BMT Inson huquqlari kengashida Rossiya a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha ovoz berishda O‘zbekiston pozitsiyasi bo‘yicha izoh, Pokistondagi siyosiy inqiroz sabablari, klasterini o‘zgartirishga majburlanayotgan fermerlar ishi bo‘yicha tushuntirish — bularning barchasi e’tibordan chetda qolib ketdi.

MTRKning asosiy kanali bo‘lmish «O‘zbekiston»ning haftalik teledasturlari rejasi tahlil qilinsa, televideniye efirida o‘zbekistonliklarga dunyoda nima ro‘y berayotganini tushuntiradigan, nima fakt va nima feyk ekanligini anglashda bizga yordam beradigan, turli xil muhim masalalar bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini tushuntiradigan bitta ham ko‘rsatuv yo‘qligining guvohi bo‘lish mumkin.

Bunday dasturlarning o‘rnini Rossiyaning «Pervыy» kanalidagi deyarli uzluksiz «axborot kanali», «Rossiya 1» kanalidagi siyosiy tok-shoular va Solovev, «Zvezda» kanalidagi «ochiq efirlar», va albatta 24 soatlik «Rossiya 24» kanali bajonidil egallab olgan. Ushbu kanallarning aksariyati OAV to‘g‘risidagi qonunlar va xolisona jurnalistika tamoyillarini buzganligi uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida taqiqlangan.

Mening fikrimcha, BBC o‘zbek xizmatining so‘rovini jurnalistlarimiz signal sifatida qabul qilishlari kerak. Bu — kontent jihatidan ham, axborotni yetkazish jihatidan ham nimanidir o‘zgartirish kerakligi haqidagi signal. Jamiyat qandaydir xorijiy mamlakat kategoriyalari asosida fikr yuritmasdan, mustaqil fikrga ega bo‘lishi uchun sifatli axborot va sifatli tahlil kerakligi haqidagi signal. Va soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan to‘lanayotgan yarim trillion so‘mni yurtdoshlarimiz axoborot olish uchun birinchi navbatda ularga murojaat qiladigan tarzda sarflash kerakligi haqidagi signal.

Kasalxonalar va jarrohlik bo‘limlari sterillangan bo‘lishi lozimdir, lekin suveren davlatning «asosiy axborot kanali» maqomiga da’vo qilayotgan kanalda bunga hojat yo‘q.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.