«Tolibon» harakati 3 aprel kuni Afg‘oniston hududi bo‘ylab ko‘knori yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarishni taqiqladi. Shuningdek, taqiq barcha turdagi giyohvandlik vositalari va ularni o‘z ichiga olgan tabletkalar yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, tashish, sotish, eksport va import qilishga taalluqli. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida mazkur qarorning Afg‘oniston siyosiy-ijtimoiy rivojlanishiga ta’siri va toliblarning qonuniy hokimiyati sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilishi haqida gapirdi.

— Ismatilla Raimovich, Afg‘oniston yangi hukumatining ko‘knori yetishtirishni taqiqlashi mintaqa hayotiga qanday ta’sir qiladi?

— Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan afyun ko‘knori yetishtirish, shuningdek, barcha turdagi giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish, sotish, tashish va kontrabandaga nisbatan e’lon qilingan taqiq mamlakatda ushbu muammoni yo‘q qilish yo‘lidagi, qolaversa, toliblarning mintaqa mamlakatlarining mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga qo‘shilishdagi muhim qadamlaridan biri bo‘ldi.

Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda afyun ishlab chiqarishning 80 foizdan ortig‘i Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili opiy ishlab chiqarishdan tushgan daromad taxminan 1,8 mlrddan 2,7 mlrd dollarga bo‘lgan.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi 2021 yilda Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish hajmi 8 foizga o‘sgani va 6800 tonnaga yetganini tasdiqlagandi.

Shubhasiz, bu ulkan raqam, biroq ular bugungi kunda mamlakatni qamrab olgan og‘ir gumanitar inqirozning butun ko‘rinishini aks ettira olmaydi.

Mening fikrimcha, aksariyat afg‘on dehqonlari uchun ko‘knori yetishtirish omon qolishning yagona yo‘li va o‘z oilalarini boqishning usuli ekanligini tushunish lozim. Biroq, bu qardosh mamlakatda 40 yildan ortiq davom etgan urush tufayli sun’iy ravishda yaratilgan majburiy chora edi.

Ishonamizki, Afg‘onistonning yangi rahbariyatining juda muhim qarori nafaqat ularning vijdonli va mas’uliyatli xatti-harakatlarining aniq tasdig‘i, balki yaqin kelajakda o‘z mamlakatini jahon hamjamiyatining to‘laqonli va mas’uliyatli a’zosiga aylantirish istagi hamdir.

— O‘zbek tomoni Tolibon bilan muzokaralarda Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirishni taqiqlash takliflari bilan ishtirok etganmidi? Umuman, ushbu taqiq oddiy afg‘on fuqarolari hayotiga qanday ta’sir qiladi?

— Ta’kidlash joiz, 2018 yildan boshlab O‘zbekiston «Tolibon» harakati rahbariyati, shu jumladan, toliblarning Qatardagi siyosiy ofisi bilan yaqin va konstruktiv aloqa o‘rnatdi.

Ushbu muloqotning barcha bosqichlarida biz siyosiy harakterdagi masalalardan tashqari, giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashish masalasini bevosita Afg‘onistonning o‘zida hal etishga intildik.

Men nima uchun bu Afg‘onistonning butun ko‘p millatli xalqi uchun juda muhim qaror deyapman?

Eng avvalo, bu nihoyat oddiy afg‘on dehqonlariga ko‘knori o‘rniga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga o‘tish, ichki bozorni ular bilan to‘ldirishga va afg‘onlarning farovon yashashiga imkon yaratadi.

Yana bir muhim tafsilotni ta’kidlamoqchiman. Afg‘onlar tabiatan tajribali dehqonlardir, ular faqat urush yillarida afyunni faol yetishtira boshlashdi, asrlar mobaynida ular meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining barcha turlarini, shuningdek, guruh, bug‘doy, kartoshka, pomidor va boshqalarni yetishtirib kelishgan. Afg‘on xalqining buguni va kejalagini tahlil qilishda mana shu tarixiy haqiqatga alohida e’tibor qaratish kerak.

Bundan tashqari, Afg‘oniston muvaqqat hukumati qarori hozirgi vaqtda hanuz mamlakat hududida bo‘lib turgan turli terroristik guruhlarni opiy sotishdan tushgan daromad shaklidagi asosiy moliyalashtirish manbasidan mahrum qiladi.

Shu tarzda toliblar o‘z qarori bilan xalqaro hamjamiyatga nafaqat mamlakatda giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashishi, balki ular o‘z hududida turli yo‘nalishlardagi xalqaro terrorchilarning kelgusida mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq va tushunarli signal berdi.

Boshqacha qilib aytganda, gap afg‘on yurti endi hech qachon xorijiy terrorchilar panohiga aylanmasligi haqida ketmoqda.

Umid qilamizki, Kobul hokimiyatining ushbu qarori ortidan afg‘on qizlarining bevosita 1-sinfdan 12-sinfgacha to‘liq maktab ta’limini olishlari uchun imkoniyat yaratish borasida haqiqiy qadamlar qo‘yiladi.

Shuningdek, Afg‘onistonning yangi hukumati o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni, shu jumladan, keng vakillikka asoslangan hukumatni shakllantirish, ayollar va milliy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, terroristik guruhlar bilan aloqalarni butunlay uzishni bajarish yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishini taxmin qilish uchuy asoslar yetarli.

Shu kunlarda Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, mamlakat hududidan, shu jumladan qo‘shni davlatlarga ham tahdid bo‘lmasligini yana bir bor kafolatladi va mintaqa davlatlarini chegara xavfsizligini ta’minlash uchun birgalikda ishlashga chaqirdi.

Ishonchim komilki, Afg‘onistonning yangi hokimiyatining mazkur bayonoti nafaqat afg‘on mojarosi tezroq hal etilishiga, balki Tolibonni qonuniy hukumat sifatida xalqaro miqyosda tan olinishi mumkinligiga umid beradi.

Aytgancha, biz bu haqda mart oyining oxirida Xitoyda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonning eng yaqin qo‘shni davlatlari TIV rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishida muloqot qilgandik.

Ushbu masala yuzasidan BMT muhim rol o‘ynashi lozim bo‘lgan birlashgan konsolidatsiyalangan yondashuvni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qisqa qilib aytganda, hozirgi Afg‘oniston rasmiylarining nafaqat o‘z vatanlariga tinchlik olib kirish, balki Afg‘oniston hech qachon jahon hamjamiyatida «xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar savdosi o‘chog‘i» tushunchasi bilan assosatsiya bo‘lmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish istagi mavjud. Endi hammasi yangi hokimiyat o‘z va’dalari va qarorlarini to‘g‘ri bajarishiga bog‘liq.