World Gold Council`ning (Butunjahon oltin kengashi) oylik hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston fevral oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.

Umuman olganda, jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari bir oy davomida 6 tonnaga kamaydi. Biroq ularning umumiy hajmi hali ham so‘nggi 31 yil ichida eng yuqori darajada qolmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil dekabr oyidan boshlab oltin zaxiralarini minimal darajaga tushirib, 22 tonna qimmatbaho metall sotdi. Vaholanki, qolgan 339 tonna mamlakat oltin-valyuta zaxirasining 59 foizini tashkil qiladi, deydi tahlilchilar.

Avvalroq fevralda oltin zaxiralarining fizik hajmi 700 ming unsiyadan ko‘proqqa, qiymati esa oldingi oyga nisbatan 50,4 mln dollarga kamaygani ma’lum qilingandi.

Ikkinchi o‘rindagi Qatar Markaziy banki esa 6 tonna oltin sotgan. Qozog‘iston Milliy banki 5 tonna qimmatbaho metal sotgan bo‘lsa, Mo‘g‘uliston va Germaniya o‘z zaxiralarini bir tonnadan kamaytirgan.

Bir qator davlatlar bir vaqtning o‘zida o‘z zaxiralaridagi oltin miqdorini oshirdilar. Jumladan, Turkiya bir oyda 25 tonna, Hindiston 2,6 tonna, Irlandiya esa 1 tonna oltin sotib oldi.

Ekspertlar kelajakda mamlakat regulyatorlari tomonidan oltin sotib olish hajmining oshishini kutishmoqda. Rossiya-Ukraina mojarosi bozorda keskinlikni keltirib chiqardi va bunday vaziyatlarda odatda oltinga talab oshadi.

Ba’zi kuzatuvchilar zaxiralarni saqlab qolish maqsadida dollarga muqobil izlayotgan mamlakatlar uchun oltin jozibadorligini qayd etishadi. Biroq, iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, Amerika valyutasi yaqin o‘n yilliklarda zaxira maqomini yo‘qotish xavfi ostida emas.

O‘zbekiston zaxiralari

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1 mart holatida mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 35,36 mlrd dollarni tashkil etgan. Mamlakat yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 221,4 mln dollarga yoki 0,63 foizga oshgan.

Fevral oyida mamlakat oltin zaxiralarini kamaytirganiga qaramasdan, yalpi zaxiralar qariyb 1 mlrd dollarga oshgan. Yalpi zaxiralar o‘sishi xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga (983 mln dollarga ortgan) to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston 2021 yilning dekabr oyida 8,4 tonna oltin sotgan. Noyabr oyida ham mamlakat zaxiralarni 21,5 tonnaga kamaytirgan holda, oy davomida eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgandi.

Hozirgi kunda mamlakat yalpi zaxiralari tarkibida oltinning ulushi 58,6 foizni yoki 20,72 mlrd dollarni tashkil etadi. Uning hajmi esa 10,9 mln troy unsiyaga teng.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning yalpi zaxira aktivlari (35,36 mlrd) mamlakatning umumiy tashqi qarzidan (1 yanvar holatida 39,6 mlrd dollar) ortda qolmoqda.