Korrupsiyaviy jinoyatlarning har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan. Bu haqda 5 aprel kuni Oliy Majlis Senatida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisida Senat raisi Tanzila Narbayeva ma’lum qildi.

Senat matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, 2021 yilda 5483 nafar shaxsga nisbatan 3769 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudlarga oshirilgan. Ya’ni sudga yuborilgan jinoyat ishlari hamda javobgarlikka tortilgan shaxslar soni o‘rtacha 3 baravarga ko‘paygan.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida so‘nggi ikki yilda 732 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan. 2020 yilda 302 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 430 nafarga yetgan.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan keskin choralar natijasida sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgan», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, sohaga oid qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda, 70 ta hujjatning 13 tasida (19 foizi) 41 ta korrupsiyaviy omil mavjudligi aniqlangan.

«Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri poraxo‘rlik bilan emas balki, firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ko‘rinishidagi jinoyatlarni sodir etish holatlari ko‘paymoqda», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

Albatta, bu bilan jamoatchilik ongida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatchilik ortmoqda, degan bir tomonlama fikr shakllanishi kerak emas, deya qo‘shimcha qildi u.

Qayd etilishicha, 2021 yilda Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 ta mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi va 5 yil ichida muhim o‘zgarishlarga erishgan davlatlar qatoridan joy oldi.

Shuningdek, Senat raisi 2018−2021 yillarda davlat xaridlari sohasidagi qonun buzilishi holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar haqida ham aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, davlat xaridlari sohasini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish bo‘yicha 2020 yilda «yo‘l xarita» qabul qilinib, unda belgilangan vazifalarning 30 foizi bajarilmagani aniqlangan. Qolaversa, sohaga oid qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda 16 ta hujjatning 12 tasida (75 foizi) 46 ta korrupsiyaviy omil mavjudligi aniqlangan.

«2018−2021 yillarda davlat xaridlari sohasidagi qonun buzilishi holatlari bilan bog‘liq 283 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning asosiy qismi Sirdaryo viloyati (56 ta), Toshkent shahri (40 ta), Farg‘ona (30 ta) va Navoiy (26 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qonun buzilishi holatlari yuzasidan 272 ta jinoyat ishi ochilib, 508 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari natijasida davlat manfaatlariga 121,2 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan», — deya ta’kidladi u.

Majlis yakunida Milliy kengashning tegishli qarori qabul qilindi va 2022−2023 yillarda sog‘liqni saqlash, qurilish, oliy ta’lim hamda davlat xaridlari tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yangi «yo‘l xaritalari» tasdiqlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu vaqtgacha davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik bazasi takomillashtirildi, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus portal yaratildi. Amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida 5,8 trln so‘m tejalgani aytib o‘tildi.