2021 yilning birinchi yarmida global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar oqibatida qisqa muddatda jahon bozorida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham o‘simlik yog‘i narxida keskin o‘sish kuzatildi. Xususan, 2021 yil aprel oyining o‘zida mahalliy bozorda o‘simlik yog‘ining narxi 26,5% ga oshgan edi. Buni ko‘p jihatdan mamlakatning chet eldan import qilinadigan o‘simlik yog‘iga kuchli bog‘langanligi bilan izohlash mumkin.

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i iste’molining o‘rtacha yillik hajmi 460 ming tonnani tashkil etadi va bu iste’molning taxminan teng yarmi import hisobidan qoplanadi. Bunday sharoitda global bozorda yuz berayotgan har qanday tebranishlar ichki bozordagi narxga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, bu borada import geografiyasi ham muhim ahamiyatga ega. Ya’ni importning asosiy qismi sanoqli davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelishi o‘sha davlatlardagi yoki jahon bozoridagi beqarorlikning mamlakat ichki bozoriga ta’sirini yanada kuchaytirishi mumkin.

Raqamlar misolida qaralsa, 2021 yilda O‘zbekistonga umumiy qiymati 313,6 mln dollarga teng o‘simlik yog‘i import qilingan (2020 yilda bu ko‘rsatkich 258 mln dollarni tashkil etgan edi). Jami import qilingan o‘simlik yog‘ining 66% qismi Rossiyadan olib kirilgan bo‘lsa, 25% qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Guvohi bo‘lganimizdek, mamlakat aholisi o‘simlik yog‘i ta’minotining qariyb yarmiga faqatgina ikki davlat egalik qilmoqda. Bundan xulosa qilish mumkinki, mazkur ikki davlatda beqarorlik yuzaga kelishi ichki bozorda o‘z aksini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

2021 yilda jahon bozoridagi tebranishlar fonida mahalliy bozorda o‘simlik yog‘i narxlari keskin ko‘tarildi va hukumat buning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida o‘simlik yog‘i importi hamda realizatsiyasini 2021 yil may oyidan yil yakuniga qadar QQSdan ozod qildi (keyinchalik bu muddat uzaytirildi). Tan olib aytish kerakki, yog‘ mahsulotlariga imtiyoz berilishi ortidan yog‘ narxlari barqarorlasha boshladi. Yilning qolgan qismida — imtiyozli davr mobaynida o‘simlik yog‘i narxlarining hatto pasayganligiga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin. Umuman olganda, yil davomida o‘simlik yog‘i narxlarining barqaror saqlanganligini iste’molchilar ham sezishgan bo‘lsa kerak.

Lekin 2022 yilning uchinchi oyi boshlanishi bilan vaziyat yana jiddiylasha boshlagandek taassurot uyg‘otmoqda. Sababi birgina mart oyining o‘zida o‘simlik yog‘ining narxi 3,1% ga oshdi. Taqqoslash uchun, 2021 yilning may oyidan 2022 yilning fevral oyigacha bo‘lgan davrda o‘simlik yog‘i narxlarida 2,5% lik pasayish kuzatilgan.

Boshqacha aytganda, birgina mart oyida kuzatilgan narx o‘sishi oxirgi o‘n oydagi narx o‘zgarishi bilan taqqoslaganda iste’molchilar uchun sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.


Grafik: Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlangan.

Soliq imtiyozlari hali bekor qilinmaganligiga qaramasdan, mart oyiga kelib o‘simlik yog‘ining narxi yana ko‘tarilishni boshladi. Bunga asosiy sabab fevral oyi oxirida Rossiyaning Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya» boshlaganligi bo‘ldi. Rossiya hamda Ukraina o‘simlik yog‘ini yirik hajmda eksport qiluvchi mamlakatlar hisoblanadi. Xususan, 2019 yilda Rossiya hamda Ukrainaning birgalikdagi o‘simlik yog‘i eksporti dunyo eksportining 64% qismini tashkil etgan. Tabiiyki, bu ikki mamlakatda siyosiy ziddiyat hamda beqarorlikning yuzaga kelishi butun dunyoda o‘simlik yog‘i narxlarining o‘zgarishiga ta’sir qiladi.

Manba: Our World In Data

Urush natijasida yuzaga kelayotgan uzilishlardan tashqari, Rossiya hukumati o‘simlik yog‘i hamda uning xomashyosi (kungaboqar) eksportiga 2022 yil aprel oyidan vaqtincha kvota o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, aprel oyidan sentabr oyiga qadar mamlakatdan o‘simlik yog‘i eksporti hajmi 1,5 mln tonnadan, kungaboqar ozuqasi eksporti hajmi 700 ming tonnadan oshmasligi belgilangan. Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab eksport uchun olinadigan yig‘im miqdori oshirilishi qayd etilgan.

Umuman olganda, mazkur vaqtinchalik cheklov eksportni to‘liq cheklovchi chora emas. Ammo urushning davom etayotganligi, eksport uchun boj miqdorining oshirilganligi hamda eksport kvotasining davlatlar kesimida qanday taqsimlanishi borasidagi noaniqliklar kelayotgan oylarda O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxining tezroq o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, hukumat tomonidan o‘simlik yog‘i importi hamda realizatsiyasiga berilgan soliq imtiyozlari aprel oyining so‘ngiga qadar amal qiladi. To‘g‘ri, imtiyozlar muddati yana uzaytirilishi mumkin va, ta’kidlash joizki, ayni vaqtdagi tendensiyalarga ko‘ra, bu holat kuzatilishining ehtimoli yuqori. Xususan, mart oyida prezident Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, o‘simlik yog‘i va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Ammo imtiyozlarning uzaytirilishi amalda 2021 yildagi kabi narx pasayishiga olib kelmaydi. Albatta, soliq imtiyozlari narxning potensial o‘sish sur’atini pasaytirishi ehtimoli yo‘q emas. Lekin vaziyat bir yil oldingidek bo‘lmasligi aniq. Sababi — tashqi risklarning ta’siri juda yuqori.

Rossiyada o‘simlik yog‘i eksportiga kvota belgilanmasidanoq O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxlarining o‘sish sur’ati sezilarli darajada tezlashganligiga guvoh bo‘ldik (mart oyidagi o‘sish). Ya’ni Ukrainadagi urush natijasida yuzaga kelgan global uzilishlar allaqachon o‘z ta’sirini o‘tkazishni boshlagan. Bunga qo‘shimcha ravishda, eksportning kvota orqali qisman cheklanishi hamda uning importyor davlatlar bo‘yicha qanday taqsimlanishi borasidagi noaniqliklar esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, o‘simlik yog‘i narxining yanada tezroq o‘sishiga xizmat qiladi.

Kelayotgan oylarda, katta ehtimol bilan, o‘simlik yog‘i narxining tezroq o‘sishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Narx o‘sishining qanchalik tez bo‘lishi esa, birinchidan, urushning qanday ssenariyda davom etishi hamda uning global uzilishlarga ta’sirining kuchayishi yoki kamayishiga, ikkinchidan, Rossiya hukumati qo‘ygan eksport cheklovining O‘zbekiston bozoriga qay darajada ta’sir qilishiga bog‘liq (yuqorida aytib o‘tilganidek, eksport (hozircha) butunlay cheklanmagan). Nima bo‘lganda ham, kelayotgan oylar inflyatsiyani, ayniqsa, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasini nazorat qilish hamda narxlar barqarorligini saqlab qolish uchun juda sinovli davr bo‘ladi.