Prezident «Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida» gi qonunni imzoladi. Yangi qonunga asosan, Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:

  • O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i iste’moli hajmi yiliga 460 ming tonnani tashkil etishi, uning yarmi import hisobiga qoplanishini ma’lum qilgan edi.

Qonunga muvofiq, huddi shu davrda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritiladi:

  • kungaboqar va paxta urug‘iga — bojxona qiymatining 30 foizi, biroq 1 kg uchun 0,2 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • kungaboqar yog‘iga — 20 foiz, biroq 1 kg uchun 0,2 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • paxta yog‘iga — 50 foiz, biroq 1 kg uchun 0,5 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda.

Dastlab Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasida import qilingan kungaboqar urug‘larini qayta ishlash natijasida olingan o‘simlik yog‘i va paxta yog‘iga eksport boji o‘rniga eksportni 50 foizgacha qisqartirish taklif qilingan edi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov o‘simlik yog‘i QQSdan ozod qilinishi natijasida byudjetga 267 mlrd so‘mlik tushum tushmasligini ma’lum qilgan.