Kelgusi yilda O‘zbekistondagi ikkinchi Hyatt mehmonxonasi ochiladi. Bu haqda tarmoqning mintaqaviy vitse-prezidenti Punit Tandon 24 mart kuni Toshkent investitsiya forumi maydonlarida turizm sohasiga investitsiyalar to‘g‘risidagi panel muhokamalarida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot.

«2023 yil boshida biz O‘zbekistondagi mavjudligimizni kengaytiramiz. Buxoroda yangi mehmonxona ochilmoqda», — deya ma’lum qildi Punit Tandon.

U tafsilotlarni ochiqlamadi, biroq kelgusida O‘zbekiston shaharlarida Hyatt mehmonxonalari soni ortishidan «ajablanmasligini» qo‘shimcha qildi.

Tarmoqning mamlakatdagi birinchi mehmonxonasi — besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent 2016 yilda ochilgan edi. obyektni qurish taxminan uch yil davom etdi.

2020 yilgacha mehmonxona daromad keltirardi. 2018 yilda — 11,9 mlrd so‘m, 2019 yilda esa 53,5 mlrd so‘m foyda olingan. Biroq pandemiya paytida hammasi o‘zgardi — 2020 yilda foyda bo‘lmadi.

2020 yil yanvar oyida Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish rejasi e’lon qilindi.

Mart oyi boshida O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qilgan edi. Mehmonxonani xususiylashtirish bugungi kunda «Poytaxt qurilish va xizmat» DUKni (mehmonxonaning hozirgi egasi) qayta tashkil etish hisobiga amalga oshiriladi.