18 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda OTM talabalarini ish bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5−6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali har yili 7 mingga yaqin talaba munosib ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga o‘qishni boshqa turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 4 mart kungi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev bundan buyon barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qilgandi. Markaziy bank tajribasi asosida Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari 3−4 kurs talabalarni haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.