18 mart kuni Samarqand xalqaro aeroportining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi. Uzbekistan Airways shu kuni Toshkent — Samarqand yo‘nalishida birinchi parvozni ham amalga oshirdi.

«Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airports» rahbariyati, transport, turizm va madaniy meros vazirliklari, tegishli idoralar, umumiy hisobda 250 dan ortiq mehmon qatnashdi.

Terminalning binosi buyuk olim Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» bosh asari timsoliga aylangan ochiq kitob shaklida barpo etilgan. Majmua soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Terminal «ochiq osmon» rejimida faoliyat ko‘rsatadi, shuningdek, yuk tashishga xizmat qiladi.

Unda 29 ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi, 8 ta minish uchun chiqish yo‘lagi, 4 ta teleskopik trap, 10 ta pasport nazorati kabinasi va uchib ketayotgan yo‘lovchilar uchun 6 ta Ye-gate, shuningdek, uchib kelgan yo‘lovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi mavjud. Shuningdek, 3,1 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, 24 o‘rinli aviaturargoh bor.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 mln dollar. Keltirilishicha, bu O‘zbekiston aviatsiyasi tarixida birinchi marta Uzbekistan Airports (davlat hamkori) va AIR MARAKANDA (xususiy sherik) o‘rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasida bajarilgan.

«Yangi terminal doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizatsiya qilinishi natijasida aviaturargoh 24 tagacha havo kemasini sig‘dira olish darajasigacha kengaydi. Aeroportning yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirish rejasi 2030 yilga borib yo‘nalishlar sonini 30 taga yetkazishga qaratilgan. Masalan, 2019 yilda Samarqand aeroportidan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha aviaqatnovlar amalga oshirilar edi. Lufthansa Consulting xalqaro konsalting tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan mustaqil tahlillar ushbu aeroport orqali yo‘lovchi oqimining yiliga 480 ming kishidan 2 mln kishiga ortishini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Qurilish ishlari pudratchi Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan me’moriy yechim asosida bajarildi.

«Bunday zamonaviy kompleksning ochilishi bizning aviakompaniyamiz uchun ajoyib imkoniyatdir. Birinchidan, yo‘nalish parvozlarini sonini, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, tranzit yo‘lovchilar oqimini oshirishga xizmat qiladi. Samarqand xalqaro aeroporti kabi xab yurtimizga kelayotgan yo‘lovchilarga sifatli, qulay va tezroq xizmat ko‘rsatish imkoni yaratadi», — dedi «Uzbekistan Airways» boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov.

Uzbekistan Airways 2022 yilga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:

  • Samarqand — Moskva — Samarqand, haftasiga 3 marotaba
  • Samarqand — Sankt-Peterburg — Samarqand, haftasiga 2 marotaba
  • Samarqand — Istanbul — Samarqand, haftasiga 3 marotaba
  • Samarqand — Olmaota — Samarqand, haftasiga 2 marotaba
  • Samarqand — Toshkent — Samarqand, haftasiga 3 marotaba

Bundan tashqari, 2023 yilda yo‘nalish tarmog‘ini rivojlantirish va yangi Sharja va Krasnoyarsk marshrutlarni ochish rejalashtirilgan. 2023−2024 yillarda talabga qarab, boshqa yangi yo‘nalishlarni, ayniqsa Sochi va Novosibirsk ochish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, sentabr oyida Uzbekistan Airports va Air Marakanda Samarqand aeroportini moderniyazatsiya qilish bo‘yicha bitim imzoladi. Aprel oyida «Gazeta.uz» Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro aeroport rekonstruksiyasi loyihasi taqdimoti o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Shu yilning fevral oyida esa prezident aeroportda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgani borgandi.